Xitoy Xalq Respublikasi qariyb 30 yildan buyon O‘zbekistonning strategik hamkori hisoblanadi. Ta’lim va ilmiy hamkorlik sohasida ham salmoqli qo‘shma dasturlarni amalga oshirib keladi. Ikki davlat o‘rtasida bir qancha hamkorlik bitimlari tuzilgan.
Ma’lumki, joriy yilning 1–2 iyun kunlari Samarqand shahrida Ikkinchi “O‘zbekiston-Xitoy” hududlararo forumi doirasida "Ta’lim, fan va texnologiya sohasida innovatsion hamkorlik" forumi o‘tkazildi. Forumda O‘zbekiston va Xitoy davlat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Mazkur forum yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev quyidagilarni gapirib berdi:
– Xitoy Xalq Respublikasi bugungi kunda dunyo miqyosida eng innovatsion davlatlar qatorida turibdi, – deydi Sharof Rajabboyev. –Xususan, o‘tgan 2024 yilda Global innovatsion indeksga ko‘ra Xitoy 11-o‘rinni egalladi. Bu natija Xitoyning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng ko‘lamli investitsiyalar kiritishi, texnologik infratuzilmani rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratishi va innovatsion ekotizimni qo‘llab-quvvatlash siyosati samarasidir.

Bugungi kunda Xitoyning Huawei, Tencent, Alibaba va BYD kabi kompaniyalari jahonning yetakchi texnologik brendlariga aylangan. Masalan, Huawei kompaniyasi faqatgina smartfonlar emas, balki 5G texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or yechimlari bilan dunyo bozorida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Shu bilan birga, BYD kompaniyasi elektromobil ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yirik kompaniyaga aylandi. O‘zbekiston bilan hamkorlikda 2024 yil Jizzax viloyatida “BYD Uzbekistan Factory” zavodi ishga tushirilgan va hozirda hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqarilmoqda.
Qolaversa, Xitoy va O‘zbekistonning pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorligi alohida o‘rin tutadi. Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari o‘tkazildi. Klinik tadqiqotlarda yuqori samaradorligi va xavfsizligi inobatga olinib, ZF-UZ-Vac-2001 vaksinasi O‘zbekistonda qo‘llashga ruxsat berildi.
Alohida qayd etish lozimki, O‘zbekiston va Xitoy ilmiy-texnikaviy yo‘nalishdagi hamkorlikning asosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida ilk bor 1992 yil 13 martda Hukumatlararo ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolangan. O‘shandan beri hamkorlik sezilarli darajada kengaydi va chuqurlashdi. 2019 yilda fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, shuningdek, 2024 yil 24 yanvarda Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Fan va texnologiyalar vazirligi o‘rtasida fan va texnologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida Bayonnoma imzolangan. 2025 yilda Agentlik tomonidan “O‘zbekiston-Xitoy” xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovining navbatdagi bosqichi e’lon qilinib, hozirda arizalar qabul qilinmoqda.
Bundan tashqari, Xitoy Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston davlat ilmiy-tadqiqot institutlarini transformatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 8,2 million AQSH dollarini tashkil etadi va loyiha doirasida O‘zbekistondagi 5 ta ilmiy-tadqiqot institutini yangi va zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash orqali ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va tadqiqot jarayonlarini samarali tashkil qilish, shuningdek, xodimlarning salohiyatini oshirish maqsad qilingan.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni mustahkamlashning muhim tarkibiy qismidir. Ushbu tajriba olimlarning bilimini boyitadi, ilmiy almashinuvni qo‘llab-quvvatlaydi, kelajakdagi taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA