O‘zbekiston va Xitoy qo‘shma loyihalarni kengaytirishga kelishib oldi
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Agentlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, vakolatlari hamda mamlakatimizda sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, 2030-yilgacha davlat xaridlari tizimini rivojlantirish strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini atroflicha ko‘rib chiqdi. Xususan, xalqaro ekspertlar va maslahatchilarni jalb etish, o‘zaro tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma seminarlar, malaka oshirish kurslari va treninglar tashkil etish, davlat xaridlari hamda sanoat kooperatsiyasi tizimini xalqaro ilg‘or tajribalar asosida kompleks tahlil qilish yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, istiqbolli investitsiya va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishda moliyaviy hamda ekspertlik ko‘magini yo‘lga qo‘yish, amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda navbatdagi ishchi uchrashuvlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday muloqotlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, zamonaviy boshqaruv tajribalarini joriy etish, davlat xaridlari tizimi samaradorligini oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA