Yangi O‘zbekistonning xalqaro hayotida ro‘y berayotgan muhim voqelik – Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi diplomatik aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Budapeshtda bo‘lib qaytdi.

Bu tashrif keng jamoatchilik va xalqaro ekspertlar tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xalqaro maydondagi pozitsiyalarni yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, birodarlik aloqalariga hamda ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy ahamiyatiga nigoh tashlaydigan bo‘lsak, bu ikki mamlakat albatta kechagi hamkorlar emas, ularning munosabati o‘z tarixiy ildiziga ega.
Xususan, tashrif doirasida rejalashtirilgan oliy darajadagi muzokaralar, O‘zbekiston Prezidentining Vengriya rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki ikki tomonlama va mintaqaviy munosabatlar uchun keng istiqbollarni ochishi kutilmoqda.
Darhaqiqat, yaqin yillar ichida ikki mamlakat strategik sherikligi tobora mustahkamlanib, amaliy aloqalar jadal rivojlanmoqda. Muntazam faol muloqot natijasida tovar ayirboshlash hajmi qisqa muddatda ikki barobar ko‘paydi, hamkorlarning bank-moliya sektori, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, mashinasozlik, farmatsevtika, suv xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarida qator investitsiya loyihalari, savdo shartnomalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sanoat, ko‘chmas mulk ob’ektlari qurish kabi muhim yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar samara bermoqda.
Shuningdek, qayd etish lozim, Vengriya Yevropadagi rivojlangan davlatlardan biri sifatida oliy ta’lim sohasida ulkan imkoniyatga ega. Bu tizimdagi o‘zaro yaqin aloqalar esa har ikki tomonga eng ilg‘or uslublar yordamida, zamon talabi darajasida ilmiy tadqiqot olib borish, professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishida tajriba almashish imkonini beradi, sheriklikning keyingi bosqichiga keng yo‘l ochadi.
Ikki davlat yetakchilarining sa’y-harakatlari bilan rivojlanib borayotgan strategik munosabatlar va ularning istiqbollari parlamentlararo aloqalarning ham taraqqiy etishida muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, joriy yil boshida Oliy Majlis Senatiga Vengriya davlat audit idorasi raisi Laslo Vindish boshchiligidagi delegatsiya tashrifi hamda Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmon tomonidan O‘zbekistondagi islohotlar, yaqin qo‘shnichilik hamda xalqaro darajadagi ochiq va pragmatik tashqi siyosat alohida e’tirof etilgani buning yaqqol dalilidir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda faollashtirish orqali nafaqat davlatlar, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish mumkin. Davlatimiz rahbarining tashrifi muhim yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar eshigini ochib, kelajakdagi samarali hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratishiga shubha yo‘q.
Manzuraxon Salimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA