Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Munosabat

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik tarixi uzoq davrga borib taqaladi. Ikki xalqning madaniy va ma’naviy qadriyatlari bu hamkorlikni yanada chuqurlashtirib kelmoqda. 

Joriy yil 12 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasining tashqi ishlar vaziri Hakan Fida boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 6-7 iyun kunlari Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasidagi istiqbolli savdo-iqtisodiy sheriklik, strategik munosabatlar va mintaqalararo xavfsizlik bo‘yicha kelishuvlarni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Turkiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatilishi, ayniqsa, Turkiya O‘zbekiston Respublikasini mustaqil davlat sifatida dunyoning ilk davlatlari qatorida birinchilardan bo‘lib tan olgani, tarixiy qimmatga ega. Bugungi kunga qadar iqtisodiyot, ta’lim, turizm, sanoat, texnologiyalar va madaniyat kabi ko‘plab sohalarda muvaffaqiyatli hamkorlik davom etmoqda. Turkiya va O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlari bugungi kunda faqat davlatlararo darajada emas, balki mintaqaviy integrasiya va xalqaro miqyosda ham ahamiyatli o‘ringa chiqdi.

2017 yil 25 oktyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. 2018 yil 30 aprel kuni esa Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bitimlar imzolandi. 

2021 yilning 10 martida Toshkentda o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda esa Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarga erishdilar. 2022 yilning 16 noyabr kuni esa Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadida yangi kelishuvlar imzolandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Anqara va Istanbulga 2023 yil 6-7 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan tashrifi esa strategik va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha katta kelishuvlar amalga oshirilgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.

 Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda Turkiy Tilli Davlatlar Hamkorlik Kengashi (Turkiy Kengash) doirasidagi aloqalar ham alohida ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston va Turkiya muntazam rasmiy uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda. Turkiy Kengashning asosiy maqsadi turkiy tilli davlatlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishdir. 

Keyingi yillarda Turkiy Tilli Davlatlar sammiti mintaqa va kelajak-istiqboli uchun amaliy sa’y-harakatlar bilan ulkan yosh platformaga aylanmoqda. Platformadagi dolzarb masalalar, jumladan, «Yashil makon»,klasterlar, kooperasiyalar, qo‘shma korxonalar faoliyatini kengaytirish va «Turkiy alfavit loyihasi»ni joriy qilish ilgari surilmoqda. Turkiy alfavitning turkiyzabon xalqlar iste’moliga o‘tishi ular o‘rtasida ko‘p yillik istiqbolli takliflar bo‘lib, yagona lotin yozuvi asosidagi alfavitni ishlab chiqish masalasini maydonga chiqardi. Loyiha turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikni institutsional chuqurlashtirishga xizmat qilishi tabiiy.

 Hozirgi vaqtda Turkiyada 3 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda, ularning ayrimlari «Turkiya Burslari» stipendiya dasturlari orqali moliyalashtiriladi. Bu ko‘rsatkich keyingi yillarda sezilarli darajada oshgani statistik ma’lumotlarda qayd etilgan. 

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki madaniy va turistik sohalarda ham jadal rivojlanmoqda. 

Mamlakatimizga Turkiyadan kelayotgan sayyohlar oqimining 3 barobarga oshgani, ya’ni 2024 yilning yanvar-aprel oylarida 31,4 ming nafar turk fuqarosi O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif buyurgani iqtisodiy aloqalar yanada kuchayganini ko‘rsatadi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri shubhasiz, inson kapitalini rivojlantirish va sanoat, infratuzilma, energiya, to‘qimachilik, qurilish hamda agrar sektorlardir. 

O‘zbekiston Turkiyaga paxta va to‘qimachilik mahsulotlarini yirik eksport turlari sifatida yetkazib beradi. Bu soha ikki davlat o‘rtasidagi savdoning muhim qismi hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qo‘shma korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda. 

Turmush tarzi o‘xshash xalqlar uchun oziq-ovqat va iste’mol talablari ham bir xildir. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidan meva-sabzavotlar, quritilgan mahsulotlarni, shu bilan birga, tabiiy resurslarga boy davlat sifatida minerallar va kimyoviy moddalarni eksport qiladi. Shular jumlasiga metall va metalldan tayyorlangan mahsulotlar ham kiradi. O‘z navbatida Turkiyadan O‘zbekistonga turli sanoat mashinalari, avtomobillar va qishloq xo‘jaligi uskunalari, to‘qimachilik sohasidagi zamonaviy dastgohlar va materiallar import qilinadi. 

Turkiyaning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga qaraganda O‘zbekistonga ko‘proq sarmoya kiritishi, uning mintaqadagi tinch-osudaligi, barqaror iqtisodiy o‘sishi va boy tabiiy resurslar imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Sherzod QURBONOV, 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi, 

ekspert