Kecha AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Surinam o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Surinamning BMTdagi doimiy vakili Sunil Algram Sitaldin imzolagan.
O‘zaro muloqot chog‘ida tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
– Bugun hamkasbim elchi Sunil Sitaldin bilan O‘zbekiston va Surinam o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunikeni imzoladik, -deb yozadi Ulug‘bek Lapasov o‘zining “X” sahifasida. – Ikki tomonlama munosabatlarimizni, jumladan, BMT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldik.
Shu tariqa, Lotin Amerika mintaqasidagi ushbu o‘lka O‘zbekiston bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan 158-davlat bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Surinam Respublikasi — Janubiy Amerikadagi aholi va hudud bo‘yicha eng kichik davlat bo‘lib, maydoni 163 ming 820 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Aholisi esa 600 ming nafardan ortiq. Mamlakatda ko‘p millatli aholi yashaydi, ularning orasida hindlar, afrikaliklar, yevropaliklar va boshqalar mavjud.
Mamlakat poytaxti Paramaribo shahri va bu diyor shimolda Atlantika okeani, sharqda Fransiya Gvianasi, g‘arbda Gayana va janubda Braziliya bilan chegaradosh.
Bu yurtda taxminan 14 ta mahalliy til bor, lekin golland tili rasmiy til maqomi sifatida belgilangan.
Surinamning iqtisodiyoti asosan tabiiy resurslarga, xususan, oltin, alyuminiy, neft va ko‘mirga tayangan. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida shakarqamish va kakao ekinlari ham muhim rol o‘ynaydi.
O‘lka BMT, Karib havzasi hamjamiyati (CARICOM), IHT va Amerika Davlatlari Tashkiloti (OAS) ning faol a’zosi hisoblanadi.
O‘.Alimov, O‘zA