O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasida kelishuvga erishdi
O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasida hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Imzolangan muhim hujjatlar o‘zbekistonliklar uchun Shvetsiyada qonuniy o‘qish, ishlash va yashash imkoniyatini kengaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi va Shvetsiya Qirolligi hukumatlari “Migratsiya va mobillik to‘g‘risida”gi bitim hamda sohada sinov dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi. Shu tariqa hamyurtlarimiz ushbu yurtda qonuniy faoliyat olib borishi uchun davlat tomonidan kafolatlangan mustahkam huquqiy mexanizm shakllantirildi.
Mazkur kelishuv doirasida tibbiyot, texnika, xizmat ko‘rsatish va parvarishlash yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi malakali mutaxassislarni Shvetsiya mehnat bozoriga tayyorlash bo‘yicha yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Endi nomzod muhojirlarni shvetsiyalik ish beruvchilar bilan bog‘lash bo‘yicha aniq mexanizm ishlab chiqiladi. Shuningdek, talabalar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv dasturlari ko‘lami kengaytirilib, migratsiyada ishtirok etayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolari huquqini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Hujjatlarda viza qoidasini soddalashtirish hamda diplomatik pasport egalari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etish tartibi ham aks etgan. Bundan tashqari noqonuniy migratsiya, odam savdosi va hujjat qalbakilashtirilishining oldini olish bo‘yicha umumiy harakat kuchaytiriladi. Xalqaro migratsiya tashkiloti ishtirokida amalga oshiriladigan sinov dasturi orqali Shvetsiya mehnat bozori talabi chuqur o‘rganiladi, yurtdoshlarimiz uchun shved tilini o‘rganish va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Ushbu bitim ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda fuqarolarning qonuniy va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA