O‘zbekiston va Serbiya hamkorligi: Raqamlar so‘zlaganda...
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va texnologik munosabat so‘nggi yillarda, ayniqsa 2025-2026-yillardagi oliy darajali muzokaralardan so‘ng sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. An’anaviy savdo aloqalari ko‘lami kengayishi barobarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va raqamli iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatning eng tez rivojlanayotgan sohalariga aylandi.
Savdo aylanmasi va import-eksport
Ma’lumotga ko‘ra, 2016-2025-yillar oralig‘ida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi qariyb 9 barobar oshib, 1.4 million dollardan 12 million dollarga yetdi. BMT “UN Comtrade” va Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida o‘tgan yil yakuni bo‘yicha ushbu mamlakatning yurtimizga eksporti qiymati 26,4 million dollarni tashkil etgani keltirilgan. Asosiy import mahsulotlari ko‘rsatkichi quyidagicha:
Mineral yonilg‘i va neft mahsulotlari – 6,11 million dollar;
Sanoat va mashinasozlik uskunalari – 4,95 million dollar;
Alyuminiy va ushbu moddadan yasalgan buyumlar – 4,28 million dollar;
Kimyoviy mahsulotlar va bo‘yoq – 2,83 million dollar.
O‘zbekiston tomoni esa Serbiya bozoriga asosan to‘qimachilik mahsulotlari – kalava ip, tayyor kiyim-kechak, mis hamda qishloq xo‘jaligi tovarlari yetkazib bermoqda. Tomonlar yaqin istiqbolda o‘zaro savdo aylanmasini 50 million dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
AKT va IT sohasi: “Front Office va Back Office” strategik modeli tufayli axborot texnologiyalari sohasida ikki davlat bir-birini to‘ldiruvchi geostrategik hamkorlarga aylandi. Serbiya Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish eshigi hisoblansa, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yirik IT-xab sifatida e’tirof etilmoqda.
2025-2026-yillari o‘tkazilgan biznes-forumlar va “IT Park Uzbyekistan” kelishuvi doirasida “Front Office” va “Back Office” loyihasi muvaffaqiyatli joriy etildi:
“Front Office” (Serbiya): YeI hududida mijoz jalb qilish, shartnoma tuzish, marketing va sotuv amalga oshirish markazi;
“Back Office” (O‘zbekiston): Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish, texnik qo‘llab-quvvatlash, ma’lumotni qayta ishlash va muhandislik kadrlari resursi.
Aniq ko‘rsatkich va raqamlar
2024-yil IT Park 2 rezidenti Serbiyaga 42 000 dollarlik xizmat ko‘rsatdi. 2025-yil eksportchi rezidentlar soni 6 nafarga, xizmat qiymati 72 000 dollarga yetdi. 2026-yil xizmat kumulyativ eksporti miqdori 130 000 dollardan oshdi, “IT Park” tarkibida serbiyalik ta’sischiga ega ilk rezident kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan tashqari “Palm ID” – biometrik identifikatsiya tizimi, ma’lumot markazi – “Data Center” hamda venchur jamg‘armalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA