O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvga erishdi.
Tomonlar 2026–2027-yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik almashinuvni kengaytirish, yangi turistik yo‘nalishlar yaratish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Mazkur masalalar O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi va hammuassisi Muhammad Abunayan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik aloqalarni mustahkamlash, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqish va ularni xalqaro bozorlarda faol targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi yillarda Saudiya Arabistonida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortib borayotgani qayd etildi. Bu, avvalo, mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy turistik infratuzilmaning shakllanishi va xorijiy mehmonlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar bilan izohlanadi.
Muzokaralarda “Umra plyus” konsepsiyasi doirasida yangi turistik marshrutlarni shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Unga ko‘ra, ziyorat turizmi bilan bir qatorda yozgi va qishki dam olish, ekoturizm, kemping hamda ov turizmini rivojlantirish imkoniyatlaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining betakror tabiiy salohiyati va turistik imkoniyatlarini xalqaro mehmonlar uchun yanada jozibador yo‘nalishga aylantirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Muhammad Abunayanning ta’kidlashicha, yaqin yillarda Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni bir necha barobarga oshishi mumkin. U bu borada Ozarbayjon tajribasini misol keltirib, O‘zbekiston ham Yaqin Sharq turistlari uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanish imkoniyatiga ega ekanini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro maydonlarda keng targ‘ib qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Ar-Riyod shahridagi mashhur bulvar hududida milliy pavilon tashkil etish va mamlakatimiz ishtirokini “Expo 2030 Riyadh” ko‘rgazmasida munosib ta’minlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha «2026–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida ikki tomonlama turizm oqimini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi» imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini kengaytirish, yangi turistik mahsulotlar yaratish va turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ekspertlar fikricha, mazkur kelishuv nafaqat turistik aloqalarning kengayishiga, balki investitsiyaviy hamkorlik, madaniy almashinuv va ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlashuv jarayonlarining yanada faollashishiga ham xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA