O‘zbekiston va Rossiyaning tegishli vazirliklari 2030 yilgacha tovar ayirboshlash qiymatini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqdi. RF iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov mahalliy jurnalistlarga bergan intervyusida shu mavzuga alohida to‘xtaldi.
Mulozim Rossiya O‘zbekistonning ikkinchi muhim savdo sherigi ekani, o‘zaro mahsulot va xizmat aylanmasi muttasil o‘sib borayotganiga ham e’tibor qaratdi. Ayni ko‘rsatkich joriy yil birinchi yarmiga kelib, o‘tgan yil shu davriga nisbatan 9 foiz o‘sgan.

– Mamlakatlarimiz Prezidentlari oldimizga 2030 yil tovar ayirboshlash miqdorini 30 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsad qo‘ygan, – dedi M.Reshetnikov – Albatta, bu o‘ta jiddiy vazifa mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Hamkasblarimiz, xususan O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birga ushbu natijaga erishish yo‘llari ko‘rsatilgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdik.
Ma’lum bo‘lishicha, har ikki tomondan mutaxassislar mahsulot turlarini tahlil qilib, davlatlarimiz iqtisodiyoti qaysi tovarlarga ko‘proq qiziqish bildirayotganini o‘rganib chiqishgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyi oxirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Vladimir Putin bilan yaqin kelajakda Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib olganini ma’lum qilgan edi.
O‘.Alimov, O‘zA