O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmonlari uchrashuvi
Toshkentda 11 avgust kuni O‘zbekiston – Rossiya va Rossiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining ekologik muammolarini hal qilishda sinergik ta’sir natijalari: hukumat, jamoat tashkilotlari, biznes” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashi raisi A.Ikromov, Rossiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi F.Degtyarev va har ikki mamlakatning mutasaddi tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Yurtimizdagi korxonalarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun innovatsion texnologiyalardan foydalanish, sanoat, xomashyo turlarini tadqiq etish va rivojlantirishga sarmoya kiritish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda Rossiyaning “SovPlim” kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor bo‘lgan O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalari, vazirlik va idoralar vakillari muloqoti tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: “SovPlim” kompaniyasi 1989 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish maydoni 13 ming 700 kvadrat metr. Zavod oyiga 4 mingdan ortiq tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. 40 mingdan ortiq korxona “SovPlim” ishlab chiqargan asbob-uskunalardan foydalanadi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA