O‘zbekiston va Rossiya: Bosh prokuraturalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari serqirra va dinamik tavsifga ega
O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Aleksandr Gutsan boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrifning dastlabki qismida delegatsiya G‘alaba bog‘ida bo‘ldi. A.Gutsan «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.
Tashrif doirasida ikki davlat nazorat organlari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari serqirra va dinamik tavsifga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv davomida Rossiya delegatsiyasi vakillariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasi, shuningdek, prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Do‘stona va konstruktiv muloqot doirasida tomonlar hamkorlikning joriy holatini muhokama qildi. Idoralararo aloqalarni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Xususan, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, shu jumladan, kiberjinoyatlar va boshqa uyushgan jinoyat turlariga qarshi kurashish, prokuratura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohalarida tajriba almashish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat Bosh prokurorlari o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolandi.
N.Yo‘ldoshev A.Gutsanga hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirib, unga «O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining Faxriy xodimi» ko‘krak nishonini topshirdi.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga tashrif buyurib, idoraning ko‘p yillik tarixi, tajribasi va faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bundan tashqari, delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurib, uning faoliyati, shuningdek, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar bilan tanishdi.
N.Abduraimova,
O‘zA