O‘zbekiston bilan Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasidagi aholisi eng ko‘p, tabiiy resurslari behad mo‘l, iqtisodiy quvvati zaxirasi ulkan, tarixi va madaniyati boy va mushtarak ikki mamlakat. Bugungi tarixiy jarayonda o‘zbek va qozoq xalqlari yanada jipslashib, azaliy do‘stlik, qardoshlik rishtasi har qachongidan mustahkamlanayotgani barchamizni quvontiradi. Bu ayniqsa, ikki mamlakat yetakchilarining o‘zaro tashriflarida tasdiqlanayotgan loyihalar, imzolanayotgan hujjatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Dono xalqimiz bilib aytgan: “Maslahatli to‘y tarqamas”, “To‘kis dasturxonda baraka bor”. Mana, besh mamlakat rahbarlari navbatdagi maslahat uchrashuviga yig‘ilyapti. Dini, tili, tarixi, madaniyati, urf-odati mushtarak, bir biriga juda yaqin, o‘xshash, kim kimligini rangi-ro‘yiga emas, ko‘proq bosh kiyimiga qarab ajratishadigan besh birodar – jami qariyb 75 millionli millat, elatlar Osiyoning qoq markazida bir-biriga esh yashaydi.
Shuning uchun ham qadimgi Movarounnahr bugun O‘rta yoki Markaziy Osiyo deb yuritiladi. Mintaqadagi qon-qarindosh, urug‘-aymoq, ming-ming yillar chegara nimaligini bilmagan qo‘ni-qo‘shni, yor-birodar birga umrguzaronlik qilgan. Tushlikda qozoq ovulidagi o‘tovda beshbarmoq tanovul qilishsa, kechki norin yoki palovni o‘zbek choyxonasida, so‘rida shirin suhbat ustida baham ko‘rgan.
Beshovlon ulug‘ Alisher Navoiy, jahongashta Zahiriddin Muhammad Bobur, o‘z zamonasining dardkashi Abdulhamid Cho‘lpon asarini qanday ixlos va havas bilan qiroat qilsa, turkman elining timsoli Mahtumquli Firog‘iyni, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi faxriy a’zosi darajasigacha ko‘tarilgan asl tojik Sadriddin Ayniyni, Navoiy nomidagi xalqaro davlat mukofoti sovrindori, qirg‘iz millatini dunyoga tanitgan Chingiz Aytmatovni, shoir, faylasuf, bastakor, qozoq milliy yozma adabiyoti asoschisi Abay Qo‘nonboyevni, Toshkentdagi O‘rta Osiyo davlat universitetida tahsil olgan yozuvchi, dramaturg, olim Muxtor Avezovning doston, qissa va romanlarini sevib o‘qiydi, ardoqlaydi.
Aslida ildizimiz bundan-da teran, chuqur. Har gal Qozog‘istonga borganimizda Turkistondagi Hoja Ahmad Yassaviy qabri uzra Qur’on tilovat qilib, Amir Temur qurdirgan osmon o‘par koshona oldida, Mirzo Ulug‘bekning qizi, Abulxayrxonning turmush o‘rtog‘i Robiya Sulton Begim qabri uzra duo o‘qib, fotiha qilamiz. Ma’lumki, buyuk o‘zbek munajjimining qizi, 1485 yil Turkistondagi Yassaviy maqbarasi hududida maxsus qurilgan dahma-sag‘anada dafn etilgan Robiya Sulton begim Abulxayrxondan Kuchkunji-xon va Suyunchhoja-xon ismli ikki o‘g‘il farzand ko‘rgan. Bu makonda Abulxayrxonning nabirasi, qozoqнинг uch juzidan kichigiga mansub ilk xonlardan biri – Muhammad Shayboniyxonning avlod-ajdodlari ruhini ham yodlab, Qur’on tilovat qilamiz.
Mozor bosib, dovon-u chegara oshib, O‘zbekistonga kelgan Qozog‘iston davlati va hukumati rahbarlari, jamoatchilik vakillari – qardoshlarimiz albatta Toshkent shahri Shayxontohur tumanida orom topgan buyuk uch biyi – qozidan biri, yirik siyosiy, davlat va jamoat arbobi To‘labiy qabrini to‘kis ziyorat qiladi.
O‘zbekistonda 800 mingdan ortiq qozoq istiqomat qiladi. Uch yil muqaddam o‘tkazilgan aholi ro‘yxatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 600 mingdan ziyod o‘zbek umrguzaronlik qilmoqda. O‘zbeklar tub mahalliy aholi – qozoqlar va ikkinchi o‘rindagi ruslardan keyin son jihatidan uchinchi o‘rinni egallagan. Millatlarimiz, davlatlarimiz orasidagi birodarlik, qadrdoshlik, qo‘shnichilik ildizi nihoyatda chuqur, qadim-qadimga borib taqaladi.
Biz – o‘zbeklar bilan qozoqlar o‘rta va oliy o‘quv yurtlari milliy mumtoz adabiyoti bo‘yicha darslik, qo‘llanmalarda, deyarli, bir xil hajmda o‘rganiladigan buyuk alloma Yassaviyning billur suvidek toza hikmatlari, ilohiy ma’naviyati, hayotiy ma’rifati bulog‘idan suv ichgan, bahramand bo‘lgan ikki xalqmiz.
Qarang-ki, buyuk Amir Temur umrining so‘nggi daqiqalarini O‘trorda, Turkistonda o‘tkazdi, Qozog‘istonda – qardosh qozoq elida omonatini Allohga topshirdi. Sohibqironning oxirgi – Turkiston – Samarqand motam karvoni yo‘li mana 600 yildan buyon “Temurlan jo‘li”, Qozog‘iston – Chimkent – Katta O‘zbekiston trakti deya nomlangan. Yassaviy maqbarasidan boshlanib, Chimkent, Toshkent, Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasiga qadar ikki elni bog‘lovchi bu tomir avlod-ajdodlarimiz xohish-irodasi bilan, olti asrki, Amir Temur shoh ko‘chasi deb yuritiladi.
Ikki davlat chegarasini ikki bor kesib o‘tadigan bu yo‘l bo‘ylab “Qozog‘iston” turar-joy majmuasi, zamonaviy mehmonxona, karvonsaroylar barpo etilgan. Chorrahalarda ikki mamlakat ziyoratchilarini qazi-qartali beshbarmoq, norin, tandir-kabob, qimiz, qimron, go‘ja kabi milliy taomlar, chanqoqbosdi ichimliklar bilan mehmon qilishadi.
So‘nggi yillardagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnik taraqqiyot xalqlarimiz hayotini keskin o‘zgartirib yubordi. Kecha ot surib, ko‘kpar o‘ynagan, qo‘y, yilqi boqib, qazi-qarta tayyorlagan yurt bugun yirik neft-gaz qazib oluvchi, temir erituvchi, mis quyuvchi, sun’iy intellekt va innovatsiya yaratuvchi davlatga aylanmoqda.
Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘ziga xos xususiyatga ega, tabiatan bir-biriga yaqin va qulay joylashgan ikki yirik davlat. Birining aholisi nisabatan kam, hududi bepoyon, ishlab chiqarayotgan mahsuloti mo‘l, ikkinchisining aholisi qo‘shnisiga qaraganda qariyb ikki barobar ko‘p. Biri shimolga yaqin keskin qit’aviy iqlimda joylashgan, ikkinchisi afsonaviy meva-chevaga boy, jannat monand yurt. Shu yerning o‘zida ishlab chiqariladigan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qariyb 60 million aholi xarid qiladigan ulkan bozor mavjud.
So‘nggi yillardagi eng muhim voqealardan biri Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabati to‘g‘risida shartnoma imzolanishidir. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, tranzit-transport, energetika, fuqaro mudofaasi va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan мазкuр yangi tarixiy hujjatga binoan ikki davlat iqtisodiy taraqqiyotida sodir bo‘layotgan yutuq va kamchiliklarni o‘zaro hisobga olgan holda bir-biriga tayanadi, yordam beradi, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Imzolangan shartnoma-bitimlar nafaqat ikki el farovonligiga xizmat qilishi, balki dunyoda geosiyosiy tortishuv va taranglik kuchayib borayotgan bir davrda har qanday ziddiyatni mushohada orqali, hamfikr hal etish mumkinligini ifoda etgani bilan yanada qadrli.
Qayd etish joiz, mamlakatning bugungi muvaffaqiyatlari zamirida bundan 30 yil muqaddam hech ikkilanmay talvasa terapiyasiga o‘tish, bozor iqtisodiyotini joriy etish, bir muddat og‘ir hayot kechirib, bor-u yo‘qqa bardosh berish, mehnatkash xalqning sabr-toqati, ziyolilar ilmi, tajribasi, uddaburonligiga tayanish qarori yotibdi.
Davr, hayot, iqtisodiy taraqqiyot davlat, jamiyat oldiga yangidan-yangi vazifalar qo‘ymoqda. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi 11 million Qozog‘iston aholisi bugun 20 milliondan oshdi. Serfarzand, bolaparvar O‘zbekiston ham 40 millionli chegaraga qarab jadal boryapti. Statistika mintaqada so‘nggi 50 yilda aholi uch barobar ko‘payganini ko‘rsatmoqda.
Endilikda mintaqaning ikki yetakchisi O‘zbekiston va Qozog‘iston dunyoga ochilib, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlar markazlariga aylandi, dunyodagi mavqeini sezilarli darajada ko‘tarib oldi. Biz ko‘p yillar uzoq xorijiy mamlakatlarga borish, jahon tajribasini o‘rganishga intildik. Endi dunyo O‘zbekistonga – Toshkent, Samarqand, Xivaga oshiqmoqda. Buni so‘nggi 3-4 yil ichida ikki mamlakat hududida bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro tadbirlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Iqtisodiy taraqqiyot qonun-qoidasiga ko‘ra, davlat, jamiyat rivojida yonilg‘i energiyasi miqdori salmoqli o‘rin tutadi. Energiya qancha ko‘p ishlab chiqarilsa, mamlakat shuncha rivojlanib, taraqqiy etib boradi. So‘nggi yillarda Qozog‘iston va O‘zbekiston yangi enegetika manbalarini o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiyani ishlab chiqarishga joriy qilish yo‘lida jadal harakatlanmoqda. Ikki davlat ham o‘z hududida atom elektr stansiyalari qurilishi maqsadga muvofiq, deb topdi. Ayni payt nisbatan ancha kam xom ashyo, yonilg‘i manbaidan ko‘p quvvatli energiya hosil qilish rejasi tuzib qo‘yilgan. O‘zbekiston zaxirasi o‘zimizda mavjud bo‘lgan uranda ishlaydigan atom elektr stansiyalari qurishni boshlab yubordi. Qozog‘iston juda ehtiyotkorlik talab qiladigan bunday ob’ektni qaysi hududda qurish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazib, aholi bilan maslahatlashishni mo‘ljallamoqda.
Umuman, olg‘a intilayotgan ikki mamlakat o‘rtasidagi rishta kun sayin mustahkamlanib, davlatlarimiz tobora rivojlanmoqda. Keyingi yetti yilda hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida sezilarli muvaffaqiyatga erishildi. Hukumatlar, vazirlik, idoralar, hududlar muloqoti muntazamlik kasb etgan. O‘zaro savdo hajmi jadal o‘sib, qariyb 5 milliard dollarga yetdi. Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga, Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat, rasmiy va amaliy tashriflari ikki mamlakat, ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlikni mustahkamlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor.
Xulosa shuki, do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajali uchrashuv va samimiy muloqotlar samarali sheriklik rivojini ta’minlaydigan asosiy omillardir.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA sharhlovchisi