Oliy Majlis Senatiga Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda so‘nggi yillarda barqaror ijobiy dinamikani namoyon etgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Davlatlararo munosabatlarning faol rivojlanishi ikki mamlakat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli izchil davom etayotgani ta’kidlandi.
Parlamentlararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya nafaqat parlamentlararo aloqalarni, balki faol hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA