O‘zbekiston va Pokiston: hamkorlik yanada rivojlanadi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi delegatsiya Pokiston Islom Respublikasining Karachi va Lahor shaharlarida bo‘ldi. Tashrifning ilk kuni Karachida NLC (National Logistics Cell) korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Sohada yetakchi hisoblangan mazkur kompaniya avtomobil, temir yo‘l va dengiz transporti orqali yukni samarali va ishonchli yetkazib berishga ixtisoslashgan. Shuningdek, innovatsion logistika markazlari va zamonaviy port infratuzilmasiga ega bo‘lib, mintaqaviy savdoni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, Termiz – Karachi transport yo‘lagini ochish, janubiy shahrimizda NLC logistika porti tashkil qilish imkoniyati, aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqboli ko‘rib chiqildi.
Safar doirasida respublikamiz SSP rahbari mezbon davlat Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi rahbariyati va a’zolari bilan ham uchrashdi.

Tomonlar mavjud yuqori salohiyatga qaramay, hali yuqori darajaga yetmagan munosabatlarni yanada faollashtirish zarurligini tasdiqladilar.
Vakilimiz o‘zaro institutsional hamkorlikni mustahkamlash uchun qator strategik tashabbuslarni ilgari surdi. Ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari boshchiligida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini tiklash, tuzilma tarkibiga to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoati, agrosanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, logistika sohalarida faoliyat yurituvchi 15 nafardan tadbirkor jalb qilish, shuningdek joriy yil fevral oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston – Pokiston biznes forumini o‘tkazish shular jumlasidan.

Suhbat chog‘ida biznes vakillari o‘rtasida muntazam muloqot maydoni yaratish savdo aloqalarini jadallashtirish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish va o‘zaro savdo ko‘lamini kengaytirish imkonini berishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Pokistonga tashrifi doirasida Lahor shahrida o‘tkazilayotgan “Mega Leather Show-2025” xalqaro ko‘rgazmasida ham ishtirok etib, mahalliy charm-poyabzal sanoati yutuqlari bilan tanishdi. Chorva mollari terisiga ishlov beradigan zamonaviy texnologiyalar ko‘zdan kechirilib, tayyor mahsulotlar keng assortimentini baholash imkoni paydo bo‘ldi.

Asosiy tadbirlardan yana biri – charm sanoatiga ixtisoslashgan yirik kompaniyalar vakillari ishtirokidagi davra suhbatida mutaxassislarimiz yurtimizning ushbu sohadagi investitsiya salohiyati haqida ma’lumot taqdim etdi. Xususan, ishlab chiqarish uchun yetarli xom ashyo, rivojlangan qayta ishlab chiqarish bazasi mavjudligi, bu esa O‘zbekistonni charm-poyabzal sanoatiga yo‘naltiriladigan sarmoya uchun jozibadorligini oshirishi ta’kidlandi. Shuningdek, talab yuqori bo‘lgan tayyor charm mahsulotlariga doir davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida so‘zlab berildi.
Uchrashuv yakunida Pokiston kompaniyalarining diyorimizga tashrifini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA