O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Ilhom Aliyevni 60 yillik yubileyi bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, birodar Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Savdo-iqtisodiy aloqalar ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror oshib bormoqda, yetakchi korxonalar kooperatsiyasi kengaymoqda. Shu oyda Baku shahrida sanoat ko‘rgazmasi va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ikki tomonlama madaniy-gumanitar dastur doirasida faol almashinuvlar davom etmoqda.
Davlat rahbarlari ustuvor tarmoq va yo‘nalishlarda, shu jumladan mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida amaliy hamkorlik bo‘yicha loyihalarni jadal ilgari surish muhim ekanini qayd etdilar.
Mintaqaviy siyosat hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.