O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari yangi bosqichda izchil rivojlanmoqda
Bugun dunyoda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamligi nafaqat siyosiy muloqot, balki xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik, o‘zaro ishonch, jamoatchilik aloqalari va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki bilan ham belgilanmoqda. Ayniqsa, tarixi, madaniyati va ma’naviy qadriyatlari mushtarak bo‘lgan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tobora yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Ana shunday ezgu va istiqbolli jarayonlar fonida Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunovning Ozarbayjon Respublikasi Nodavlat tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash agentligi direktori Aygun Aliyeva bilan uchrashuvi alohida ahamiyat kasb etdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida tajriba almashish, ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada kuchaytirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va davlat bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Zero, bugun nodavlat notijorat tashkilotlari faqat muayyan ijtimoiy muammolarni hal etishda ishtirok etuvchi tuzilma emas. Ular jamiyatdagi tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish, aholi manfaatlarini ifoda etish, ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim kuchga aylanmoqda.


Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Ozarbayjonning bu boradagi tajribalarini o‘rganish, nodavlat tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoya, madaniyat, turizm, ekologiya va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday hamkorlik rasmiy muloqotlar doirasidagina qolib ketmay, odamlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan, ijtimoiy faollikni oshiradigan va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan amaliy loyihalarga aylanishi mumkin.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yangi bosqichda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va siyosiy irodasi bilan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat siyosiy-diplomatik, balki iqtisodiy, madaniy-gumanitar, hududlararo va jamoatchilik diplomatiyasi sohalarida ham tobora kengayib bormoqda.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Buxoroga tashrif buyurishi esa ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va madaniy mushtaraklikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu tashrif Buxoro uchun oddiy diplomatik tadbir emas, balki qadimiy shaharning xalqaro nufuzi, boy madaniy merosi va zamonaviy hamkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etgan muhim voqea sifatida ahamiyatlidir.
Asrlar davomida Sharq sivilizatsiyasining yirik ilm-fan, madaniyat va savdo markazlaridan biri bo‘lgan Buxoro bugun xalqaro hamkorlik, turizm, madaniy almashinuv va yangi ijtimoiy tashabbuslar uchun ham ochiq maydonga aylanmoqda.


Muloqot davomida Buxoroning turizm, madaniy meros, jamoatchilik tashabbuslari va xalqaro hamkorlik borasidagi salohiyati yuzasidan ham fikr almashildi.
Buxoroning betakror tarixiy obidalari, boy hunarmandchilik an’analari, qadimiy mahallalari va o‘ziga xos madaniy muhiti Ozarbayjon jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, ikki davlatning fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida tajriba va innovatsion yondashuvlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma forumlar, seminarlar, yoshlar loyihalari, madaniy tadbirlar hamda ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirish mumkin. Eng muhimi, bunday hamkorlik davlatlar o‘rtasidagi do‘stlikni oddiy rasmiy munosabatlardan xalqlar hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan amaliy sheriklik darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarida tarixiy yaqinlik bilan zamonaviy manfaatlar uyg‘unlashmoqda. Davlat rahbarlari tomonidan yaratilayotgan mustahkam siyosiy poydevor esa hududlar, shaharlar, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov va Aygun Aliyeva o‘rtasidagi muloqot ham ana shu katta jarayonning mantiqiy davomi sifatida e’tiborlidir. Zero, bugun do‘stlikni faqat so‘z bilan emas, balki aniq tashabbuslar, amaliy loyihalar va xalqlar manfaatiga xizmat qiladigan natijalar bilan mustahkamlash muhim.
Buxoro va Ozarbayjon o‘rtasidagi yangi hamkorlik rishtalari ham ana shunday mazmun kasb etishi shubhasiz. Kecha tarix va madaniyat birlashtirgan ikki xalq bugun ezgu g‘oyalar, yangi tashabbuslar va istiqbolli loyihalar orqali kelajak sari yanada yaqin qadam tashlamoqda. Chunki chinakam do‘stlikning eng katta isboti — uning amaliy natijasidir. Buxoro zaminidagi bunday muloqotlar esa ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlab, hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri