O‘zbekiston va Ozarbayjon Bosh prokurorlari uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori Kamron Aliyev bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Ozarbayjon delegatsiyasi vakillariga O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, shu jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi kurash sohalarida amalga oshirilgan ishlar hamda prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Xususan, ozarbayjonlik hamkasblarga O‘zbekiston prokuratura organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shu jumladan, ish yurituvni raqamlashtirish, elektron jinoiy-huquqiy statistikasi, “E-material”, “Byudjet nazorati” axborot tizimlarini yuritish sohalarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.

Taraflar O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligining ko‘plab yo‘nalishlarida hali to‘liq ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligini qayd etgani holda, kelgusida idoralararo hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Tadbir yakunida Bosh prokuror Kamron Aliyev O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi huquqni muxofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari delegatsiya a’zolari uchun Bosh prokuratura muzeyida ekskursiya tashkil qilindi. Shuningdek, Ozarbayjon tomoni Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyati bilan ham tanishtirildi.
O‘zA