O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Hotamov “Salam Air” aviakompaniyasi direktorlar kengashi raisi Muhammad Al-Xonji va boshqaruvchi direktori Adrian Xemilton-Manns bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish istiqboli muhokama qilindi. Xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish, parvoz geografiyasini kengaytirish hamda turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Salam Air” rahbariyati sheriklikni mustahkamlashga qiziqish bildirib, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro aviatsiya xaritasida nisbatan yangi yo‘nalish sifatida yuqori salohiyatga egaligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil ishlab chiqish maqsadida ekspertlar darajasida muloqotni davom ettirishga kelishildi.
M.Pirmatova, O‘zA