“Globus” loyihasida O‘mon Sultonligidagi “Sayohat va turizm uchun yulduzlar” shirkati rahbari Majid Moni’ Xolid Al-Yahyoiy mulohazalari.
– Samarqandga sayohatim mazmunan juda boy o‘tdi. Vaqt mashinasida ertaklar olamiga – sehrli diyorga tushib qolgandek bo‘ldim. O‘zbekistonga ilk safarim davomida ko‘hna kentning go‘zal va betakror manzillari – buyuk davlat arbobi, sarkarda Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda majmuasini tomosha qilib, batafsil ma’lumotga ega bo‘ldim. Ayniqsa Imom Al-Buxoriy yodgorlik majmuasida qalbimni chulg‘agan munavvar hissiyotni so‘z bilan ta’riflay olmayman.
Samarqandda o‘z sohasini yuksak san’at darajasiga ko‘targan usta hunarmand sulolalar vakillari bilan ham uchrashdim. Go‘zal, betakror asarlarning yaratilish jarayoni bilan yaqindan tanishdim.
Yana bir manzil – Farg‘ona azaldan so‘lim tabiati, mehmondo‘st odamlari bilan dong taratgan go‘zal maskan. Bu zamin sohiblarining mehnatkashligi, yaratuvchanligi, odamoxunligi har qanday xorijlik sayyohni hayratga soladi.
Shaharda bunyod etilgan zamonaviy san’at saroyi, suzish havzasi va markaziy stadionda bo‘ldim. Alisher Navoiy, Mustaqillik, Yuksalish ko‘chalari bo‘ylab cho‘zilgan gulzor, musiqali va rangli favvoralar, har bir binoning o‘zgacha dizayni atrofga o‘zgacha chiroy baxsh etib turibdi.
Menimcha, sayyohlik yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish yaxshi foyda beradi. Mamlakatning boy turizm salohiyati hamda sohani yanada rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar sarmoyadorlar diqqatini tortishi shubhasiz. O‘monning aksar aholisi yurtingizni asosan kitoblar orqali biladi. Shu bois biz ijtimoiy tarmoqning arab tili segmentida jahonga mashhur shaharlar orqali respublikaning ulkan sayyohlik imkoniyatini targ‘ib qiluvchi axborot hajmini oshirishga shaymiz. Bunday loyihalar arab dunyosi mamlakatlari, jumladan O‘mon fuqarolarining O‘zbekistonga oqimini tezlashtirishi tayin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YbKoz8_R6eQ" title="O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida turizmni rivojlantirish – umumiy taraqqiyotning muhim omili" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muharrama Pirmatova, Azizxon Olishov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA