O‘zbekiston va Narva: shaharlarni yaqinlashtirayotgan do‘stlik
Shaharlar ham odamlar kabi bir-biriga yaqinlashadi. Avvaliga muloqot, keyin do‘stlik, undan so‘ng esa birgalikdagi loyihalar va o‘zaro manfaatli hamkorlikka yo‘l ochiladi.
Bugun bu jarayon O‘zbekiston va Estoniya shaharlari o‘rtasidagi munosabatlarda ham yangi mazmun kasb etmoqda.
Birodar shaharlar alyansi raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Estoniya Respublikasining Narva shahri meriyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Estoniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston shaharlari va Narva shahri o‘rtasida birodarlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Bunday muloqotlar diplomatik munosabatlarning mahalliy darajadagi amaliy ko‘rinishi sifatida shaharlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, tajriba almashish va yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro muloqotni izchil davom ettirish, yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA