O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston hamkorlikni kengaytiradi
Yaqinda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston qo‘shma iqtisodiy komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab ikki davlat Hukumatlararo komissiyasi rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Keyingi muhokamalarda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari U.Yusupov ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, geologiya, oziq-ovqat, yengil sanoat, transport, veterinariya va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Mo‘g‘uliston Bosh vaziri o‘rinbosari Saynbuyan Amarsayxan qo‘shma komissiyaning birinchi majlisi bayonnomasini imzoladi. Hujjat savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA