O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi doirasida Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva va Mo‘g‘uliston Prezidentining rafiqasi Luvsandorj Bolorsetseg uchrashuv o‘tkazdilar.
Suhbatda O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga ilk tashrifi va uning doirasidagi oliy darajadagi muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Ta’lim sohasidagi va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
So‘ng Birinchi xonimlar Ulan-Bator shahrida joylashgan Choyjin-lama ibodatxona-muzeyiga tashrif buyurdilar.
XX asr boshlarida barpo etilgan ushbu majmua tibet-mo‘g‘ul buddaviy san’atining benazir yodgorligi hisoblanadi.
Tashrif chog‘ida Birinchi xonimlarga majmua me’morchiligi, unda saqlanayotgan qadimiy haykallar, tabobat an’analariga oid eksponatlar va tibet-buddaviy qonunlar to‘plami haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva muzeyning madaniy-ma’rifiy faoliyati, turizmni jalb etishdagi roli va yosh avlodni ma’naviy tarbiyalashdagi ahamiyati bilan tanishdi.