Bugun Geologiya fanlari universitetida “O‘zbekistonda geologik axborotlar va geologik xavfli jarayonlarni boshqarishning yaxlit tizimini yaratish” mavzusidagi qo‘shma grant loyihasi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Geologiya fanlari universiteti, “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti”, “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasalari hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya mineral resurslar bo‘yicha konlarni qayta tiklash korporatsiyasi (KOMIR), Koreya geologiya va mineral resurslar instituti (KIGAM) hamda “SOAM Corporation” vakillari ishtirok etdi.
Unda “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” davlat muassasasi direktori G‘ani Bimurzayev, Koreya mineral resurslar bo‘yicha konlarni qayta tiklash korporatsiyasi direktori Sunbek Bang va boshqalar tomonlar o‘rtasida mazkur loyihani amalga oshirish ushbu yo‘nalishlar ravnaqiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Bugungi kunda Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlariga muvofiq, “Raqamli geologiya tizimini yaratish va rivojlantirish”, “Raqamli geologiya” tizimini yaratish doirasida elektron geologik ma’lumotlar bazasini shakllantirish va zamonaviy dasturiy ta’minotlarda foydalanishni ta’minlash, raqamli geologik axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
“Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” davlat muassasasi direktori G‘ani Bimurzayevning so‘ziga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik tog‘-kon sanoati va geologiya sohalarida ham mustahkamlanib bormoqda.
[gallery-22982]
– Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasidagi 2024 yil 11 noyabrda imzolangan o‘zaro muhokama bayonnomasiga asosan 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonda foydali qazilmalar va xavfli geologik jarayonlar uchun integratsiyalashgan boshqaruv tizimini yaratish” mavzusidagi grant loyihasini tatbiq etish ishlarining boshlanishi ham bunga yaqqol misoldir. Mazkur grant loyihasi 2 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi. Birinchi yo‘nalishda xavfli geologik jarayonlarni monitoring qilish tizimi zamonaviy masofadan o‘lchash asbob-uskunalari bilan jihozlanadi va tahliliy axborot tizimi yaratiladi. Bunda Angren tog‘-kon sanoati hududi misolida mazkur tizimni joriy etish orqali geologik jarayonlar haqida aniq va o‘z vaqtida ma’lumot olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Loyihani amalga oshirish tufayli xavfli geologik jarayonlar yo‘nalishi to‘liq raqamlashtiriladi va geologiya axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi. Ikkinchi yo‘nalishda Davlat geologiya fondidagi elektron nusxasi yaratilgan hisobotlar to‘liq raqamlashtiriladi, shuningdek, geologik xaritalar raqamli GIS formatiga o‘tkaziladi. Loyiha sababli mazkur fondning raqamli ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi, – dedi G‘.Bimurzayev.
Tadbirda ta’kidlanganidek, loyihadan ko‘zlangan maqsad geologik ma’lumotlarni boshqarishning yagona tizimini yaratish va to‘liq raqamlashtirish hamda xavfli geologik jarayonlar yo‘nalishini raqamli modernizatsiya qilishdan iborat. Ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston va Koreya davlatlarida ixtisoslashtirilgan maxsus o‘quv seminar-treninglari tashkillashtiriladi. Buning natijasida raqamlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Loyiha Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Geologiya fanlari universiteti, “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti”, “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasalari hamda Janubiy Koreyaning KOICA, KOMIR, KIGAM, SOAM tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Koreya mineral resurslar bo‘yicha konlarni qayta tiklash korporatsiyasi direktori Sunbek Bang o‘z so‘zida tomonlar o‘rtasida aloqalar tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi rivojida muhim ekanini qayd etdi.
– Shu vaqtgacha kadrlar salohiyatni oshirishni seminarlar va xalqaro konferensiyalar orqali amalga oshirgan edik. Bugungi tadbir tufayli biz ushbu tashabbusni yaqindan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Men ishonamanki, ushbu loyiha orqali O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida geologik resurslar sohasidagi hamkorlikni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishimiz mumkin. U geologik xavfli jarayonlarni boshqarish va mineral resurslar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratishni nazarda tutadi. Biz bu jarayonda O‘zbekistonning ma’muriy samaradorligini sezilarli darajada oshirishini hisobga olamiz, – dedi u.
Tadbir yakunida mazkur loyiha bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA