O‘zbekiston va Kipr: qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashiladi, hamkorlik kuchaytiriladi
Cyenatda “O‘zbekiston - Kipr” va "Kipr - O‘zbekiston" hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlarining onlayn shaklda uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya, ta’lim, turizm, raqamlashtirish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, guruhlar yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish va tegishli qo‘mitalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va imzolangan hujjatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Ta’lim, turizm va madaniyat yo‘nalishlarida ham hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kipr tomoni ajratayotgan stipendiyalar va malaka oshirish dasturlaridan samarali foydalanish, madaniy merosni saqlash va tiklash bo‘yicha tajriba almashish, o‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.


O‘zbekiston va Kipr o‘rtasidagi hamkorlikning katta salohiyatga ega ekani qayd etilib, o‘zaro aloqalarni kelgusida ham izchil davom ettirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA