O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi va tibbiyot yo‘nalishida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Italiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gvido De Sanktis bilan uchrashdi. Unda Italiyadagi O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish, tibbiyot yo‘nalishida kadrlarni tayyorlash va mavsumiy bandlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Erishilgan kelishuvlar doirasida o‘tgan yili 10 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar Italiyada malaka oshirib qaytdi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yil oxiriga qadar Milanda ishlash uchun 20 nafarga yaqin oliy ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash rejalashtirilgan. Shuningdek, 30 nafar shifokorlarimiz Italiyada o‘z faoliyatini davom ettirish uchun italyan tilini o‘rganmoqda.
Lombardiya, Pemont va Sardiniya hududlarida o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislariga qiziqish katta ekanligi qayd etildi. Shu bois, tomonlar kadrlarni til bo‘yicha va kasbiy tayyorlash, ularni ishga joylashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda shuningdek, mavsumiy bandlik sohasidagi hamkorlik natijalari ham ko‘rib chiqildi. Yaqinda 38 nafar Namangan viloyati fuqarolari qishloq xo‘jaligida mehnat qilish uchun Ferrara provinsiyasiga tashrif buyurdilar.
Kelgusidagi ishlar - talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha kadrlar sonini oshirish, ularni kasbiy salohiyatini oshirish, shuningdek Italiyaning turli hududlarida O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy bandlik imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Oliy ma’lumotli hamshiralar Italiyada ishlashga tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv dasturida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Aziza Alimova, O‘zA