10 noyabr kuni "Ko‘ksaroy" qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellani rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.
Italiya Prezidenti va uning qizi – mamlakat birinchi ledisini O‘zbekiston Prezidenti va rafiqasi samimiy qarshi oldilar.
Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.
Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella "Ko‘ksaroy" qarorgohida ikki tomonlama muzokara o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, Italiya Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim voqea ekanini ta’kidladi.
Serjo Mattarella O‘zbekiston yetakchisiga taklif hamda Italiya delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun dildan minnatdorlik bildirdi.
Italiya Prezidenti Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi hamda mamlakatimizning Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta’minlash va integratsiyalashuvni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
Ikki tomonlama strategik sheriklikni va ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti joriy yil iyun oyida Italiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari parlamentlar va tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi faol muloqotlarni davom ettirish muhim ekanini aytdilar.
Kelgusi yilda tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
“Markaziy Osiyo – Italiya” muloqoti doirasida ham faol aloqalar davom ettiriladi.
Iqtisodiy hamkorlik sohasida joriy yil boshidan o‘zaro tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Qo‘shma loyihalar portfeli 9 milliard yevroni tashkil etdi.
Savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida Savdoga ko‘maklashish kompleks dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli kooperatsiya qilinayotgani qayd etildi.
Mamlakatimiz milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish loyihalarida Italiyaning ilg‘or va yuqori texnologik kompaniyalarini jalb qilishdan manfaatdor ekani bildirildi.
Tomonlar Toshkent shahrida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Konfindustriya O‘zbekiston” sanoatchilar uyushmasi ochilganini olqishladilar.
Hukumatlararo guruh doirasida mahalliylashtirishning yangi yo‘nalishlari va loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlashga kelishib olindi.
Italiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tez fursatda kirishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi bitimning qabul qilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Italiya hududlari forumini ta’sis etish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish taklif qilindi.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Toshkentdagi Turin politexnika universiteti filialining faoliyati bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol ekani qayd etildi.
Ushbu yetakchi oliy ta’lim dargohi negizida Italiyaning ilg‘or texnologiyalari transferi markazi tashkil etiladi.
O‘zbekistonda italyan tilini o‘rganishga qiziqish o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Maktablarimizda italyan tili o‘qituvchilarini tayyorlash va maktablarimizda uni o‘qitishni bosqichma-bosqich joriy qilish muhimligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Shuningdek, Italiyada qo‘shma tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari muhokama qilindi.
Xalqlarimiz bir-birining boy va betakror madaniy-tarixiy merosi bilan tanishishi uchun mamlakatlarimizda O‘zbekiston va Italiya madaniyat, kino va turizm kunlari o‘tkaziladi.
Samarqand arxeologiya instituti hamda Bolonya va Neapol universitetlarining qo‘shma guruhi tomonidan olib borilayotgan arxeologiya izlanishlari yuksak baholandi.
Davlat rahbarlari akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma Ta’lim forumini o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xavfsizlikka umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Davlat rahbarlari huzurida Diplomatik pasport egalarini viza tartib-taomillaridan ozod etish to‘g‘risida Hukumatlararo bitim hamda ta’lim, fan, texnologiya va innovatsiyalar, sport sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.
O‘zbekiston – Italiya sammiti dasturi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Serjo Mattarella daraxt ekish marosimida ishtirok etdilar.
“Ko‘ksaroy” qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyobonida davlat rahbarlari birgalikda archa ekdilar. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik munosabatlari mustahkamlanib, O‘zbekiston va Italiyaning ko‘p qirrali hamkorligi va strategik sherikligi kengayib borayotganining ramzi bo‘ladi.
Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.
Bu yerda oliy martabali mehmon Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga e’tibor qaratgan kishi mana shu zalvorli o‘tmishning badiiy ifodasiga guvoh bo‘ladi. Mehmonga majmuada ifodalangan ana shu tarix, uning mazmuni haqida so‘zlab berildi.
Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qo‘yish an’anaga aylangan.
Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi. Tinchlik, erkinlik, ezgulik timsoli bo‘lgan Humo qushi tasviri majmuaning bamisoli gultojiday ko‘rinishi e’tirof etildi.
Oliy martabali mehmon Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti faoliyati bilan ham tanishdi.
Ushbu oliy ta’lim muassasasi Italiyaning Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilganiga o‘n to‘rt yil bo‘lmoqda. Muassasada o‘tgan davrda avtomobilsozlik, energetika sanoati, arxitektura kabi sohalarga ko‘plab malakali kadrlar tayyorlandi.
Ta’lim tizimidagi bunday yutuq qayd etilishining asosiy omillardan biri O‘zbekiston va Italiya o‘quv dasturlari orasidagi tafovutlar uyg‘unlashtirilganidir. Shuningdek, ta’lim jarayoniga zamonaviy metodlar tatbiq etilganida deyish mumkin.
Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaga keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Ayni paytda bu yerda 2 ming nafardan ortiq yoshlar ta’lim olmoqda. Bitiruvchilar bir paytning o‘zida ikkita – Italiyaning Turin politexnika universiteti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti diplomiga ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda Italiyaning Turin politexnika universiteti haqida qisqacha ma’lumot keltirib o‘tamiz. Ushbu ta’lim muassasasi 1859 yil tashkil etilgan. U Yevropaning eng ilg‘or texnika universitetlaridan biri sanaladi. Ta’lim jarayoni ilmiy va amaliy tadqiqot bilan faol ravishda birga olib borilishi bilan ajralib turadi. U o‘n sakkiz fakultet va ko‘plab yirik avtomobil hamda boshqa korxonalar uchun asosiy ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lgan laboratoriyalarni o‘z ichiga oladi.
Poytaxtimizdagi Turin politexnika universiteti mana shunday tarixiy rivojlanish bosqichlariga ega muassasa bilan doimiy hamkorlik qiladi.
O‘zbekistonda xalqaro e’tirofdagi, zamonaviy talablarga mos keluvchi ta’lim dargohining ochilgani ko‘plab yoshlarimizning tegishli sohalarda o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda mazkur universitetni rivojlantirish bo‘yicha tegishli strategiya ishlab chiqilgan. U bo‘yicha kelgusida yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, talabalar qabulini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Avtomobilsozlik, qurilish va energetika sanoatida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shimcha fakultetlar tashkil etiladi.
Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish har qachongidan ham muhimligi haqida fikrlar bildirildi.
Oliy martabali mehmon shu kuni tashrif dasturi doirasida Samarqand shahriga keldi.
Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari