O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Davlat rahbarlari huzurida Diplomatik pasport egalarini viza tartib-taomillaridan ozod etish to‘g‘risida Hukumatlararo bitim hamda ta’lim, fan, texnologiya va innovatsiyalar, sport sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.
Imzolangan hujjatlar ikki davlat o‘rtasida qanday imkoniyatlarga yo‘l ochadi? Shular xususida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig‘i Komil RASHIDOV o‘z fikrlarini bildirdi.

– Bilamizki, Yevropa ittifoqiga va unga a’zo davlatlarning hududiga kirish, albatta, shengen viza tartiblari asosida amalga oshiriladi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, u diplomatmi, oddiy fuqaromi, viza talablarini bajarishi lozim.
Lekin diplomatiya hayotida, xalqaro, tashqi siyosiy faoliyatda inkor etilmagan va keng qo‘llaniladigan bir jihat O‘zbekiston tajribasida ham bor. O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida diplomatlarni viza talablardan ozod qilish masalasi bitim bilan muhrlandi. Bunga ko‘ra diplomatlar Yevropa davlatlariga, avvalo, Italiyaga borganida yoki Italiya diplomatlari O‘zbekistonga kelganida, viza talablaridan ozod qilinadi.
– Bu mamlakatimiz uchun nima beradi?
– Muzokaralarga boradigan, oliy va yuqori darajadagi tadbirlarni tashkil qiladigan diplomatik pasport egalari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Aytishimiz lozim, bu diplomatik faoliyatni, xizmatni va shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatini amalga oshirishda ularga qulaylik yaratadi.
Diplomatik pasport berish tartibi Prezident farmoni bilan tartibga solingan. Bunday pasportga ega bo‘lganlarning ro‘yxati O‘zbekistonda tartibga solingan.

Diplomatik pasport egalarini viza tartib-taomillaridan ozod etish to‘g‘risida Hukumatlararo bitim bu hujjat diplomatik pasport egalariga bag‘ishlangan.
Imzolangan boshqa hujjatlar esa ko‘proq ijtimoiy sohalarga tegishli.
Masalan, ta’limni rivojlantirish yo‘lida, xususan, maktabgacha ta’limga oid, shuningdek, o‘rta maktablarda italyan tilini o‘rgatish, robototexnika innovatsiyalarini kiritish, brayl alifbosida kitoblarni chop qilishga yordamlashish, Italiyadan kitoblar olib kelib, tilni o‘rganish, metodikasini takomillashtirish masalalarini o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, fan, texnologiya, innovatsiya bilan bog‘liq hujjat orqali esa ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, dolzarb sohalar bo‘yicha va sanoatni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi borasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish masalasi muhrlandi.
Maktablarni va fan, texnologiya, innovatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha imzolangan hujjatlarga ko‘ra ikki tomon tajriba almashadi, ishchi guruhlarni, dasturlarni tuzadi va shular asosida hamkorlik olib boradi.
O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida hukumatlararo komissiya bor, vaqti-soati bilan komissiya yig‘ilishlarida yuqoridagi masalaga oid muammo va yutuqlar, hal etish lozim bo‘lgan jihatlar o‘rganiladi, muhokama qilinadi.
Yana bir hujjat ham gumanitar sohaga oid bo‘lib, bu – diplomatik kadrlarni tayyorlash. Bilamizki, Italiya diplomatiya sohasida boy tajribaga ega davlat. Ularning Tashqi ishlar vazirligi huzurida Diplomatlarning malaka oshirish deportamenti bor. O‘zbekistonda esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida Prezident farmoni bilan Diplomatik akademiya tuzilgan. Mana shu diplomatik akademiya va departament o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, diplomatlarni tayyorlash, kasbiy salohiyatini oshirishga bu hujjat hissa qo‘shadi.
Ma’lumki, Italiyaning sport bo‘yicha salohiyati ham juda katta, albatta, O‘zbekiston ham qolishmaydi. Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik bo‘yicha hujjatga ko‘ra, sportning ilg‘or metodikalarini almashish, tajribalarni o‘rganish, mutaxassis va murabbiylarni olib kelish, sportchilarni sog‘lomlashtirish masalalari hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish belgilangan. Chunki bilamizki, har bir ish ilmiy jihatdan tartibga solinmasa, rivojlanish yetarli bo‘lmaydi.
Imzolangan asosiy hujjat esa prezidentlar tomonidan qabul qilingan qo‘shma bayonot bo‘lib, bu iyun oyida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida o‘rnatilgan strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
yozib oldi