O‘zbekiston va Hindiston: strategik sheriklik parlamentlararo aloqalar orqali faollashtiriladi
O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Hindistonda o‘tkazilgan BRICS doirasidagi 12-parlament forumida ishtirok etdi.
Unda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyotni ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova “Innovatsiyalar: sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida inson manfaatlariga yo‘naltirilgan innovatsiyalarni parlamentlar salohiyati orqali ilgari surish” mavzusidagi panel sessiyasida ma’ruza qildi.
Senator O‘zbekistonning sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, ularning imkoniyatlarini inson manfaatlariga yo‘naltirish hamda ushbu jarayonda parlament rolini kuchaytirish borasidagi tajribasini taqdim etdi.

Forum doirasida delegatsiya a’zolari Hindiston parlamenti quyi palatasi – Lok Sabha Spikeri Om Birla hamda Hindiston parlamentidagi «O‘zbekiston – Hindiston» hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi rahbari Ganesh Singh bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish va tajriba almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA