Eron xalqi, millati qadimiy va boy tili, tarixi, diniy mazhabi, ajoyib urf-odati bilan islom dunyosi va xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rni, mavqei, obro‘-e’tiboriga ega. Mamlakat besh davlat sarhadini yuvib turuvchi Kaspiy dengizini Ummon dengizi va Fors ko‘rfazi bilan bog‘lab turadi. Eronni O‘zbekiston kabi, Shimol va Janub qit’alararo yo‘llari kesishgan, Sharq va G‘arb sivilizatsiyasi, madaniyati, ma’naviyati, siyosati tutashgan chorrahaga qiyoslash mumkin.
Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, ma’naviyati bilan bu davlatni bog‘lab turuvchi yana bir jihat shuki, qariyb uch ming yil muqaddam shimoliy movarounnahrlik vatandoshimiz Sipiytmon Zardusht tomonidan asos solingan zardushtiylik dini va ta’limoti Eronda Sosoniylar imperiyasi davrida davlat dini sifatida tan olinib, aholi orasida ilohiy e’tiqodni mustahkamlashda muhim o‘rin tutgan.
Ta’kidlash joiz, “yo‘l”, “ko‘prik” tushunchalari barcha davrlarda ramziy, mantiqiy va falsafiy ma’noda kamida ikki yoki bir necha – yaqin va uzoq, tanish va begona yo‘nalish, tomonlarni bog‘lab turuvchi, bir-biri og‘irini yengil qiluvchi ma’nosini anglatgan. “Ko‘prik” ikki qirg‘oqni tutashtiradi, suvdan bexatar, bexavotir o‘tkazib qo‘yadi, tomonlarni bog‘laydi. Shu bilan kishida ijobiy munosabat uyg‘otadi. Xullas, yo‘l kabi, ko‘prikdek xosiyatli inshootlarning fazilati ko‘p. Qolaversa, ko‘prik tanishish, do‘stlashish, hamkorlik qilish asosi, manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli Eron Islom Respublikasini O‘zbekiston uchun majozan ishonchli do‘st, “yangi yo‘l”, “mustahkam ko‘prik” deya ta’riflash mumkin.
1979 yil Imom Xumayniy rahbarligida yuz bergan inqilobiy g‘alaba tufayli Eronda shohanshohlik tizimi tugatilib, Islom Respublikasi o‘rnatildi. Bu tarixiy voqeadan ko‘p o‘tmay, 1980 yili o‘tkazilgan umumxalq referendumida mutlaq ko‘p ovoz bilan mamlakat islomiy jumhuriyat, deb e’lon qilindi.
Qariyb bir mintaqada, iqlimi, dini, qadim tarixi, urf-odati, an’analari yaqin Eron va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p yillar yaxshi qo‘shnichilik aloqasi, deyarli, yo‘q edi. Turli mazhabda bo‘lsa-da, dini bir, turli tilda gapirsa-da, fitrati, tabiati bir-biriga yaqin, dili bir bu ikki xalq o‘rtasida keyingi yillarda diplomatik, madaniy, savdo-iqtisodiy aloqa o‘rnatilib, tobora rivojlanmoqda.
2021 yil 16 sentyabrda Shanxay hamkorlik tashkiloti kengashi majlisida ishtirok etish uchun Dushanbega borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu tadbirga kelgan Eron Islom Respublikasining yangi Prezidenti Sayid Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi. Davlat rahbarlari, mintaqa kun tartibidagi savollarga, jumladan, амалий hamkorlikni kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratdilar. Savdo-iqtisodiy aloqalar sur’atini jadallashtirish, yangi “o‘sish nuqtalari”ni belgilab olish maqsadida qo‘shma Hukumatlararo komissiya ishini faollashtirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari “Yo‘l xaritasi” asosida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish istiqboli, ikki mamlakat tranzit salohiyatini samarali ishga solish imkoniyati vakolatli idoralar darajasida puxta o‘rganib chiqildi. Rahbarlar, shuningdek, Eron va O‘zbekiston joylashgan mintaqa kun tartibidagi masalalar, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatni inobatga olgan holda ko‘rib chiqdilar.
Yaqinda xalqaro olamda jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish uyg‘otgan va zo‘r qoniqish bilan qabul qilingan yana bir muhim voqea sodir bo‘ldi. Ikki yirik davlat – Eron bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi diplomatik munosabatni tiklashga kelishid. Xosiyatli bu ishda mintaqada tinchlik, osoyishtalik bo‘lishidan chuqur manfaatdor bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi muhim, hal qiluvchi o‘rin egalladi.
Islom dinining boshqa-boshqa mazhabiga e’tiqod qiluvchi, doimiy bahs-munozarada yashagan Eron va Saudiya vakillari aloqalarni tiklash bo‘yicha bayonot imzoladilar. Qisqa muddatda elchixonalarni qayta ochishga kelishib olindi. Ma’lumki, diplomatik munosabat 2016 yil Saudiyada shia ruhoniysi qatl etilishi va Tehrondagi qirollik elchixonasiga o‘t qo‘yilishi natijasida uzilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy 2022 yil sentyabr oyida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Eron muzokarasi va tashrif doirasidagi tadbirlar Shanxay hamkorlik tashkiloti majlisi chaqirilgan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Eron rahbari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan paytida Eron Islom Respublikasi mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zolikka qabul qilindi.
O‘zbekiston va Eron Prezidentlari uchrashuvida mamlakat yetakchilari o‘zaro munosabatni yanada mustahkamlash masalasini ko‘rib chiqdilar, savdo, kooperatsiya, innovatsiya, transport, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida qator hujjatlar imzolandi
Buyuk Britaniyaning Ikkinchi jahon urushi davridagi Bosh vaziri Uinston Cherchill “Angliyaning do‘sti ham, dushmani ham yo‘q, faqat manfaati bor” degan edi. Taniqli davlat arbobining g‘arbona shaklda biroz ochiqroq ifodalagan bu fikri, ta’bir joiz bo‘lsa, zamonaviy xalqaro munosabatlar nazariyasi va amaliyotiga tayanib aytilgani haqiqat.
Eron yo‘nalishi O‘zbekistonning ochiq dengizga chiqishi uchun eng yaqin, eng qulay yo‘l hisoblanadi. Bizdan unchalik uzoq bo‘lmagan qo‘shni davlatning qulay geografik joylashuvi, respublikamizga nisbatan 3-4 birobar yirik – bir yuz yigirma million kishilik bozori, ishlab chiqarilayotgan sanoat mollari, noyob subtropik meva-cheva va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xilma-xil xizmat turlari, fitratimizga ma’qul yuqori islomiy madaniyati xalqimiz va tadbirkorlarimiz uchun nihoyatda nodir imkoniyat ekanini alohida ta’kidlash lozim.
Eron va O‘zbekiston rahbarlarining 2022 yilgi uchrashuvi o‘zaro munosabatda burilish nuqtasi bo‘ldi, deyish mumkin. Ayniqsa, Eron Prezidenti boshchiligidagi yirik delegatsiyaning yigirma yillik tanaffusdan keyin mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishi jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
2022 yil 20-21 fevral kunlari Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda mamlakatimizdan oltmish kishilik yuqori darajali delegatsiya ishtirok etdi. Bu ikki davlat munosabati tarixida Eronga tashrif buyurgan eng yirik O‘zbekiston delegatsiyasi edi.
Eron safari salmoqli natija berdi. Sohalar mutasaddi rahbarlari tomonidan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi yakunida qator muhim hujjatlar imzolandi.
Darvoqe, rejalarda qayd etilgan – umumiy uzunligi 4,5 ming kilometrdan oshadigan “Turkiya – Eron – Turkmaniston – O‘zbekiston” transport yo‘lagi allaqachon foydalanishga topshirildi. 2022 yil 3 dekabrda mazkur yo‘nalishdagi ilk yuk poyezdi poytaxtimiz Toshkentda tantanali kutib olindi.
O‘zbekistonni Eron bilan bog‘laydigan yo‘l ishga tushishi nafaqat shimoldagi davlatlarga qaramlikni kamaytiradi, balki shu mamlakatlarga, temir yo‘l aloqasi mavjud o‘nlab boshqa davlatlar bozoriga ham yo‘l ochdi. Endi eksportyorlarimiz mahsulotni jahon bozoriga ancha qisqa yo‘l bilan tezroq va arzonroq yetkazish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston Fors ko‘rfazidagi Eronga qarashli Bandar-Abbos portidan ko‘pdan buyon foydalanib kelmoqda. Bunday imkoniyatga 1996 yilda Turkmanistonni Eron bilan bog‘laydigan “Tajan – Saraxs – Mashhad” temir yo‘li ishga tushirilgach ega bo‘lgan edik. O‘shanda o‘zbek paxtasining asosiy qismi shimoldagi Boltiq bo‘yi, yoki Uzoq Sharqdagi Vladivostok portlari orqali Yer kurrasining qariyb yarmini aylanib o‘tib emas, balki shu qisqa, tejamli, ayni bir payt yuqori samarador yangi yo‘nalish orqali jahon bozoriga yetkazila boshlagan.
Erondagi yana bir – Chobahor porti ham O‘zbekistonga yaxshigina qulaylik yaratgan. Mazkur ob’ekt diyorimizni Hind okeani bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydi. Ikki-uch davlatni bosib o‘tib, keyingina dengiz, okeanga chiqishning mashaqqati to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Endilikda yuk tashuvchi kemalar manzilga tezroq, arzon va xavfsiz yo‘l bilan yetib bormoqda.
Bundan bir yil muqaddam Boku shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qashqardan Yevropaga tajriba tariqasida ilk yuk poyezdini jo‘natish masalasi muhokama qilingandi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa (Iskandar Zulqarnayn aynan shu yo‘l orqali Hindistonga yurish qilgan) multimodal transport yo‘lagi salohiyatini oshirish va bunga qo‘shimcha yuk hajmini jalb qilish, tariflarni unifikatsiyalash, mahsulotni chegara postidan tezroq o‘tkazish muhokamasi ham nihoyasiga yetay deb qoldi.
Sharqda bir maqol bor: gilamni qo‘shningga sot, bir chekkasida o‘zing o‘tirasan. Qadimiy udumlarga rioya qilayotgan maslakdosh, hamkor Eron va qo‘shni Hindiston O‘zbekistonga Chobahor portida birga foydalanish maqsadida port terminallaridan birini sotib olish taklifini berdi. Mutaxassislar bu taklifni xosiyatli, nurli, istiqbolli loyiha, deyishyapti. Zero, dengiz yo‘li infratuzilmasiga ega bo‘lgach, mamlakatimiz nafaqat xorijiy davlatlar bilan savdo aylanmasini yaxshilay oladi, shu bilan birga eksport-import amaliyotidan salmoqli daromad ko‘rish imkoniga ham ega bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, Chobahorga kiritilajak investitsiya O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqa rivojiga xizmat qiladi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, 2022 yil yakuni bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi 435,7 million dollarni tashkil etdi. Yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, Eron Islom Respublikasi bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlikdan yanada ko‘proq natija kutsa bo‘ladi. Turkmaniston va Eron tandemi O‘zbekistonni ishonchli mintaqalararo tranzit bilan ta’minlamoqda. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, bunday kombinatsiya Yaqin Sharq tomonga savdo oqimini diversifikatsiyalash imkoniyatini ancha kengaytiradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Fors ko‘rfazining boy-badavlat mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni yanada jadallashtiryapti. Buning ta’sirida iqtisodiy aloqalar jonlanmoqda. Ba’zi Yaqin Sharq mamlakatlari respublikamizning asosiy savdo hamkoriga aylanyapti. Masalan, o‘tgan yil O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida mahsulot ayirboshlash ikki hissa ko‘payib, 508 million dollardan oshdi. So‘nggi besh yilda Saudiya Arabistoni bilan savdo aylanmasi 20 foiz o‘sdi. Mazkur tendensiyani davom ettirish esa ikki mintaqaning logistik bog‘liqligiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini taqozo etyapti. Bizni Yaqin Sharqqa eltadigan eng qisqa yo‘l esa, yuqorida qayd qilinganidek, Turkmaniston bilan Eron hududidan o‘tadi.
Markaziy Osiyoni Fors ko‘rfazi portlari bilan bog‘laydigan “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon” xalqaro transport-tranzit yo‘lagini ishga tushirish bo‘yicha 2016 yil Ashxobod bitimi imzolangan. To‘g‘ri, yangi po‘lat yo‘l bilan bog‘langan bu yo‘l hali loyihada qayd etilgan darajada samara berayotgani yo‘q. Ayni transport yo‘lagi istiqboli yaqin-yaqingacha faqat birgina shimoliy yo‘nalish bilan bog‘lanardi. Bu yo‘ldan, asosan, xom ashyo olib chiqib ketishda foydalanilgan. Bu yo‘llar bugun o‘z imkoniyati bilan tadbirkorlar joniga oro kirib, ularni yangi rejalarga ilhomlantirdi.
Maqola boshida qayd etilganidek, yo‘l, ko‘prik – uzog‘ingni yaqin, og‘iringni yengil qiladi, davlatlarni, mamlakatlarni, xalqlarni yaqinlashtiradi, birlashtiradi, aloqalarni mustahkamlaydi. Pirovard natija mintaqa va jahonda tinchlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
I.Abduxoliqov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi