O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi bitim kuchga kirdi
Joriy yilning 13 oktyabrdan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi Hukumatlari o‘rtasidagi ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlar uchun viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi.
Ushbu Bitim Eron Islom Respublikasi Prezidentining 14-16 sentyabr kunlari O‘zbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq departamenti ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujjat 11 moddadan iborat bo‘lib, uning kuchga kirishi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, turizm, fan va ilmiy faoliyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hujjatda ikki davlat o‘rtasida bevosita sayyohlar almashuvini tashkil qilish, ishbilarmonlik va ilmiy sohadagi qo‘shma dastur hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mushtarak kelishuv o‘z aksini topgan.
Mazkur hukumatlararo bitimni amalga oshirish uchun O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ul etib belgilangan.
O‘zA