Özbekiston va Buyuk Britaniya: STEMda ayollar uçun yangi imkoniyatlar
“El-yurt umidi” jamğarmasi rahbariyati va "British Council" boş ijroçi direktori Skott Makdonald örtasida uçraşuv bölib ötdi. Muloqot davomida bir neça muhim masala körib çiqildi.
Qayd etilişiça, Özbekiston va Buyuk Britaniya munosabatida taʼlim sohasidagi hamkorlik uzoq istiqbolga möljallangan. Ayni jarayonda mamlakatimiz xotin-qizlari uçun yana bir xayrli taşabbus yölga qöyilmoqda.
Avvalroq Samarqanddagi “Global Talent” forumida imzolangan bitim şunga zamin yaratgan. Endilikda “Going Global Partnerships – Scholarships for Women in STEM” dasturi doirasida beş nafar hamyurtimiz 2027-2028 öquv yilida Britaniyada taʼlim oliş imkoniga ega böladi. Moliyalaştiriş 40 foiz “El-yurt umidi” jamğarmasi, 60 foiz “British Council” tomonidan amalga oşiriladi.

Mazkur taşabbusning uzoq muddatli natijasi iştirokçilar olib boradigan izlaniş, öz taşkilotiga taklif qiladigan yeçimlar va boşqalar uçun yaratiladigan imkoniyatda namoyon böladi. Beş stipendiya, agar taʼlimga kiritilgan sarmoya professional muhitda izçil davom ettirilsa, şu jarayonning boşlanğiç nuqtasiga aylanişi mumkin.
Birgalikda moliyalaştiriş amaliyotini uzoq muddatli hamkorlik asosi, deb hisoblaş örinli. Özbekiston öz taraqqiyoti uçun zarur mutaxassis tayyorlaşga sarmoya kiritmoqda, xalqaro hamkor esa mazkur investitsiyada iştirok etmoqda. Bunday uslubning barqarorligi saralab oliş sifati, taʼlim mazmuni hamda bitiruvçi qizlar olgan bilimini amalda qöllay oliş imkoniyatiga boğliq böladi.
Respublikamiz uçun uşbu kun tartibi taʼlim imkoniyatini kengaytiriş, sanoatni rivojlantiriş, yangi texnologiya joriy etiş va boşqaruv sifatini oşirişga qodir kadrlar tayyorlaşga zamin yaratadi.
Qizlarimiz uçun beş stipendiya milliy taʼlim tizimi miqyosida unçalik yuqori körsatkiç bölmasligi mumkin. Binobarin, “El-yurt umidi” jamğarmasi va “British Council” hamkorligidagi mazkur qöşma taşabbus modeli diqqatga sazovor. Mutaxassis tayyorlaş har ikki tomonlama moliyalaştirilib, xalqaro taʼlim imkoniyati mamlakatning kadrlar borasidagi ustuvor vazifasi bilan uyğunlaşadi.
Mazkur uçraşuvda ham uşbu şeriklik istiqboli muhokama qilindi.

“British Council” boş ijroçi direktori Skott Makdonaldning yurtimizga ilk taşrifi taşkilotning respublikadagi faoliyati 30 yilligiga töğri keldi.
Diyorimizdagi faoliyatini 1996-yil boşlagan “British Council” ingliz tili öqitiş va pedagog tayyorlaş orqali oliy öquv yurtlari örtasida madaniy aloqani rivojlantirib kelmoqda. Şu davr mobaynida ilmiy va texnik kadr tayyorlaş masalasini ham qamrab olgan mustahkam şeriklik poydevori şakllandi.
Qayd etiş joiz, “El-yurt umidi”ning yangilangan ustuvor yönalişida iqtisodiyot va jamiyat uçun muhim ahamiyatga ega STEM, energetika, transport, qişloq va suv xöjaligi, tibbiyot hamda boşqa sohalar alohida örin egallaydi. Uşbu vazifalar örtasidagi boğliqlik muhim amaliy ahamiyatga ega. Qayta tiklanuvçi energetikani rivojlantiriş yangi quvvatni energetika tizimiga uyğunlaştira oladigan muhandislar talab etadi. Suvni tejaş agronomiya, suğoriş texnologiyasi va maʼlumot tahlilini uyğunlaştira oladigan mutaxassislarga ehtiyoj sezadi. Raqamlaştiriş uçun esa işonçli tizim yaratiş va xavfsizlikni taʼminlaşga qodir professionallar zarur. Xalqaro taʼlim aynan şunday vazifalarni hal etişga kömaklaşadi.
STEM sohasida xotin-qizlarni qöllab-quvvatlaş mazkur islohotning kadrlar bazasini kengaytiradi. YUNESKO maʼlumotiga köra, jahon böyiça STEM dasturlari bitiruvçilarining qariyb 35 foizini xotin-qizlar taşkil etadi va ular muhandislik hamda axborot texnologiyalari sohalarida hali yetarli vakillikka ega emas. Şu bois qizlarning ilğor taʼlim oliş imkoniyati bir paytning özida ham ijtimoiy, ham iqtisodiy ahamiyatga molik bölib, jamiyatning ilmiy va professional salohiyatidan yanada töliqroq foydalaniş imkonini beradi.
Uçraşuvda Portsmut universiteti magistratura bosqiçini tamomlagan, Özbekistondagi “Women in STEM” dasturi dastlabki bitiruvçilaridan biri Azizaxon Töraxöjayeva va Tatyana An ham iştirok etdi. Ularning tajribasi xalqaro taʼlim imkoniyati qay tartibda tuzilgani, iştirokçilarga kasbiy yölning keyingi bosqiçlarida qanday qöllab-quvvatlov zarurligini tuşunişga yordam beradi.

Jamğarma uçun bu örinda xorijiy taʼlim bilan milliy taraqqiyotni boğlovçi institut sifatidagi mavqeini kuçaytiriş imkoniyati oçiladi. Bunday iş stipendiatlarni öqişga yuborişdan oldin tarmoqlarning asl ehtiyojini anglaş, ularning bitirgandan keyingi kasbiy şakllanişini kuzatib, hamrohlik qilişini nazarda tutadi.
Gözal Sattorova, ÖzA