Oliy Majlis Senatiga BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauler tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, yoshlar parlamentlari o‘rtasida xalqaro muloqotni kuchaytirish, ekologiya, sun’iy intellekt va raqamli ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2026 yilda Samarqand shahrida Yosh parlament a’zolarining xalqaro forumini yuqori saviyada tashkil etish borasida hamkorlik qilish hamda unda BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi muhim tashabbuslar bilan ishtirok etishga taklif etildi.
Uchrashuvda BMT “Yoshlar – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, uning doirasida yoshlarga oid masalalarni ilgari surishdagi ustuvorliklar muhokama qilindi.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasidagi asosiy yo‘nalishlar, tub islohotlar va amaliy natijalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, mamlakat aholisi tarkibida yoshlarning ulushi 55 foizdan oshganini inobatga olib, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani ta’kidlandi.
Do‘stona ruhda kechgan muloqot yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA