O‘zbekiston va Belarus: Strategik sheriklik va taraqqiyotning yangi ufqlari
Prezident tashrifidan so‘ng...
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida davlatlararo aloqalarning izchil va do‘stona rivojlanishi nafaqat shu mamlakatlar, balki keng mintaqalar barqarorligi hamda iqtisodiy taraqqiyotining muhim kafolati hisoblanadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8-9-iyul kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgan, ulkan siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega voqeaga aylandi.
Tashrif doirasida Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar, avvalambor, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuksak ishonch va o‘zaro hurmatning yaqqol namunasi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida o‘tkazgan sermahsul muzokaralarda so‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.

Tashrifning eng asosiy va tarixiy natijasi sifatida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanganini ta’kidlash lozim. O‘zbekiston yetakchisi qayd etganidek, mazkur fundamental hujjat davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi davrni boshlab beradi hamda tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni uzoq muddatli rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishini rasman tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, siyosiy muloqotni faollashtirish va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yakdillik ikki davlatning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlaydi. Tomonlar BMT, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bu esa global siyosiy jarayonlarda O‘zbekiston va Belarusning pozitsiyalari uyg‘unligidan dalolat beradi.
Iqtisodiy va savdo-sotiq sohasidagi muvaffaqiyatlar ham tashrif kun tartibidan keng o‘rin oldi. O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atda o‘sib bormoqda. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida esa tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga ko‘paygan bo‘lib, ayni paytda 360 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Sammit oldidan va unda erishilgan eng muhim kelishuvlardan biri – tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni va ustuvor sohalardagi yangi loyihaviy tashabbuslarni qamrab olgan kompleks rejaning qabul qilinishi bo‘ldi. Bunda asosiy urg‘u oddiy savdo-sotiqdan keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasiga o‘tishga qaratilgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, mikroelektronika, to‘qimachilik, yengil sanoat va mebelsozlik tarmoqlarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Yana bir strategik kelishuv esa tinch atomdan foydalanish sohasiga tegishlidir. O‘zbekiston birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmalarni qurishda Belarus tajribasini qo‘llash, ushbu sohada tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi va bu bo‘yicha aniq kelishuvga erishildi.
Mazkur tashrifning muvaffaqiyatli o‘tishida unga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik muhim omil bo‘ldi. Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar hamda tahliliy doiralar uchrashuvlari o‘tkazildi. Ayniqsa, Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston – Belarus hududlararo forumi iqtisodiy aloqalarni pastdan yuqoriga prinsipi asosida rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Forum ishida O‘zbekistondan 230 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi va uning yakunida savdo shartnomalari hamda investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolandi. Bu kelishuvlar ikki mamlakat viloyatlari va shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy zanjirlarni yaratadi, yangi ish o‘rinlari ochilishiga va aholi daromadlarining oshishiga xizmat qiladi.
Davlatlarni nafaqat iqtisodiy manfaatlar, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy va ma’naviy yaqinlik ham jipslashtiradi. Tashrif doirasida O‘zbekiston madaniyati kunlarining Belarusda yuqori saviyada o‘tkazilgani buning yaqqol isbotidir. Muzokaralar chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga alohida minnatdorlik bildirdi. Bu xiyobon ikki xalq o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va birdamlikning chinakam ramzi bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tarixiy tashrif ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – strategik sheriklik bosqichiga olib chiqdi. Yuksak ishonch muhitida o‘tgan muzokaralar va imzolangan deklaratsiya siyosiy, parlamentlararo hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Minskda barpo etiladigan do‘stlik xiyoboni va o‘tkazilgan madaniyat kunlari xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy ko‘priklarni yanada jipslashtirib, ushbu kelishuvlar nafaqat ikki davlat, balki keng mintaqa taraqqiyoti hamda farovonligining muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA