O‘zbekiston va BAA o‘rtasida aviaqatnov soni oshadi
Mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan BAA Hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi.
Tadbirda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohadagi sheriklikning bugungi holati va istiqboli tahlil qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha joriy etilayotgan loyihalar doirasidagi navbatdagi vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etish kerak, davlatlarimiz o‘rtasida o‘tgan yil ko‘rsatkichlari ikki barobar oshgan, tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda. Bunday o‘sish sur’atini saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilgan vazifalar qatorida ikki davlat o‘rtasida aviaqatnov soni bir necha barobar ko‘payib, haftasiga 44 ta yetganini aytish mumkin. O‘zaro yetkazib berilayotgan tovarlar turini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston eksport salohiyatini rivojlantirish strategiyasini tayyorlash doirasida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi.
Muloqot davomida mamlakatimiz hududlari infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat salohiyatini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. BAA tomoni iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichini yuqori baholadi hamda ishlab chiqarish quvvatini oshirish va kommunal soha tizimini takomillashtirish bo‘yicha shahar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqishda hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalasi alohida muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan tomonlar sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kengash tuzish zarurligi haqida yakdil fikrga keldi.
O‘zA