O‘zbekiston va Avstriya kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik (+video)
O‘zbekiston delegatsiyasining Avstriyadagi amaliy tashrifi davomida Federal Ta’lim vazirligi, Parlament, Federal Iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligi vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasining Avstriya Federal Ta’lim vazirligi, Avstriya Parlamenti hamda Federal Iqtisodiyot,energetika va turizm vazirligi vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Muloqotlarda ikki mamlakat kasbiy ta’lim tizimidagi tajribalar, zamonaviy kadrlar tayyorlash va ta’limni mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Asosiy mavzulardan biri — Avstriyaning dual ta’lim modeli, ya’ni «Lehre» tajribasi bo‘ldi.Ushbu tizimda nazariy bilim bilan birqatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga katta e’tibor qaratiladi.Uchrashuvlarda texnik kollejlarni moliyalashtirish, muhandis va o‘qituvchilarni tayyorlash, shuningdek, ta’lim muassasalari bilan sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Texnikumlarning menejment yo‘nalishidagi direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun Avstriyada malaka oshirish va tajriba almashish imkoniyatlarini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yana bir muhim yo‘nalish — muhandislik ta’limi. University of Applied Sciences Austria bilan hamkorlikda Avstriya tajribasi asosida yangi ta’lim dasturlarini joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kasbiy ta’limni rivojlantirishda faqat ta’lim dasturlarini yangilash emas, balki mutaxassislarning real mehnat bozori talablariga mos kompetensiyalarini shakllantirish ham muhim. Shu bois uchrashuvlarda kompetensiyaga asoslangan ta’lim, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va yangilash, malaka va kompetensiyalarni baholash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Xalqaro dasturlar,akademik va pedagogik mobillik, xorijiy stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha ham tajriba almashildi. Kasbiy ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi yuqori darajadagi muzokaralarda ham belgilangan. Avvalgi uchrashuvlarda Avstriyaning dual ta’lim tajribasini o‘rganish va ushbu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Avstriyadagi tashrif davomida esa bu kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish, ta’lim muassasalari va mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kelgusida Avstriyaning kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish, uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, yangi ta’lim dasturlarini joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Maqsad — yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (O‘zA)