O‘zbekistonda 2019 yilda davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’limni kelgusi o‘n yillikda rivojlantirish bo‘yicha Konsepsiya qabul qilingan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, O‘zbekistondagi OTMlarni xususiylashtirish, ularni butun dunyoda bo‘lgani kabi ta’lim, tadqiqot va tadbirkorlik – 4.0 universitetlar darajasiga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi olti yilda ta’lim sohasida Prezidentimizning 95 farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 222 qarori qabul qilindi.
Ta’lim olish to‘rtta bosqichga ajratilib, mamlakat byudjetining sezilarli ulushi ijtimoiy xarajatlar, ayniqsa, ta’lim sifatini oshirish, uni ilmiy-amaliy takomillashtirishga ajratilmoqda.
Ta’lim sifatini oshirish, 4.0 formatdagi universitetlar faoliyati bilan tanishish, tajriba almashish, istiqbolli dasturlardan andoza olish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti delegatsiyasi AQSHda xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Safardan ko‘zlangan maqsad - universitetimizning xalqaro maydonda nufuzini yanada oshirish, talabalarga sifatli ta’lim berish va professor-o‘qituvchilarning xorijda malakasi va tajribasini oshirish, mintaqa va xorijdagi abitruyentlarni o‘zimizga jalb qilishdir. Ushbu maqsadlarni yuqori talablar asosida ta’limga joriy qilish uchun boshqa chet davlat OTMlari qatorida AQSHdagi nufuzli oliy ta’lim maskanlari bilan ham bir qator hamkorlik kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU) va AQSHning nufuzli Pitsburg davlat universiteti rahbariyati o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, TDIUning 100 nafar professor-o‘qituvchisini o‘quv yili davomida Pitsburg davlat universitetiga malaka oshirishga yuboriladi. Ikki tomon professor-o‘qituvchilarshning talabalarga dars o‘tish jarayoniga jalb qilish, talabalar uchun Pitsburg davlat universitetida yozgi maktab ochiq darslarini tashkil etish amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, Pitsburg davlat universiteti 1787 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Shimoliy Amerikadagi eng dastlabki institutlardan biridir.
Pitsburg universiteti Pensilvaniya shtatida, Bredford, Greensburg, Jonstaun va Titusvilda mintaqaviy kampuslarga ega oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetning asosiy hududi Pitsburgning Oklend hududidagi 132 gektar maydonni egallaydi. Unda bir nechta kutubxona, tadqiqot muassasalari, kompyuter laboratoriyalari, teatrlar va 42 qavatli o‘quv binosi mavjud.
Mazkur universitetda bakalavriat va magistratura innovatsion platformalar asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, universitet turli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 640 dan ortiq daraja va sertifikat dasturlarini taklif etadi. Pitsburg universitetida 16 ta o‘ziga xos bakalavriat va magistratura maktablari va kollejlari tashkil etilgan.
Universitetda taqdim etilayotgan ilmiy daraja dasturlari muhandislik, tibbiyot, huquq, biznes, xalqaro munosabatlar, umumiy ta’lim, san’at va fanlar, hisoblash va axborot sohalarida katta qamrovga ega ekanini alohida ta’kidlash lozim.
Pitsburg universiteti Milliy atletika assotsiatsiyasining (NCAA) 1-divizionida Pitsburg Panthers sifatida raqobatlashish maqomini qo‘lga kiritgani bizda katta qiziqish uyg‘otdi. E’tiborlisi, Pitsburg universiteti sportchilari 5 ta Olimpiada medali sohibi va o‘zida har tomonlama shaffof muhit yarata olgan.
Pitsburg universiteti ilmiy tadqiqotchilar uchun qulay uy-joy tizimini taqdim etgan va tanlash uchun bir nechta variantlar mavjud. Talabalar shaharchasida 600 dan ortiq talabalar tashkiloti mavjud va turli xil ijtimoiy-maishiy imkoniyatlar yaratilgan.
AQSHda xizmat safaridamiz davomida yana bir nufuzli oliy ta’lim maskani - James Madison universitetiga tashrif buyurib, ilmiy-tadqiqotlar yo‘nalishida muhim aloqalarni o‘rnatganimiz ham istiqbolli dasturlaarimizni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Delegatsiyamiz xizmat safari doirasida Kanzas shtatidagi Kanzas texnologiya kollejida bo‘lib, rahbariyati bilan TDIU qoshidagi o‘rta maxsus bilim yurti o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlik kelishuviga ham erishdi.
Shuningdek, delegetsiyaimiz Pitsburg universiteti vakillariga universitetimiz haqida muhim bo‘lgan ma’lumotlar va ularni qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Ikki tomonlama imzolangan memorandumlar nafaqat talabalarimizning bilimlarini kengaytirish, balki 2030 yilgacha davlat tomonidan belgilab berilgan ulkan maqsadlarimizga va O‘zbekistonning iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shish uchun intellektual imkoniyat yo‘llarini ochadi.
Gulnora Abdurahmonova,
TDIU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori,
iqtisod fanlari doktori, professor.
O‘zA