O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Kerol Miller xonim bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat va jamiyat hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, shuningdek, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro tajriba almashish va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, energetika sanoati, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va gender tenglik masalalarida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda parlament diplomatiyasi muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, do‘stlik guruhlarini tashkil etish hamda hududlararo muloqotlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova,
O‘zA