O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida geologiya sohasida hamkorlik rivojlanmoqda
Mamlakatimizda geologiya va tog‘-kon sohalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov hamda AQSHning Yuta universiteti Global aloqalar bo‘yicha prorektori hamda universitetning Xalqaro ishlar bo‘yicha katta xodimi Rendi MakKrillis boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z yuritildi.
Muloqotda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida geologiya va tog‘-kon sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish va zamonaviy texnologik yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlaridagi aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Yuta universiteti vakillari geologiya va tog‘-kon sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuvda sohalar uchun kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA