O‘zbekiston va Afg‘oniston: Hamkorlikning yangi qirralari
Andijon viloyati delegatsiyasining Kobulga tashrifi nafaqat tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamladi, balki O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichiga yo‘l ochdi.
O‘zaro aloqalari nafaqat yaxshi qo‘shnichilik, balki asrlarga tutash mushtarak tarix va madaniyatga tayanadigan bu ikki davlat bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik va rivojlanish yo‘lida yangicha strategik sheriklik shaklini yaratmoqda. Shu ma’noda delegatsiyamiz ma’naviy birdamlikning yorqin ifodasi sifatida Kobulga tashrifi davomida Bobur maqbarasini ziyorat qilgani e’tiborga molik. Buyuk bobokalonimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ehtirom xalqlarimiz do‘stligining tarixiy ildizi naqadar mustahkam ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Ushbu mustahkam ishonch poydevorida hozir keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik o‘rnatilmoqda. Kobul shahrida tashkil etilgan Andijon mahsulotlari ko‘rgazmasi bu borada dadil amaliy qadam bo‘ldi. Ko‘rgazmada viloyat eksport salohiyatini aks ettiruvchi 150 dan ziyod mahsulot turi – oziq-ovqat, qurilish materiallari, maishiy texnika va uy-ro‘zg‘or buyumlari taqdim etildi. Hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ishtirokidagi muzokaralar tadbirkorlarimiz uchun yana bir yirik yangi bozor eshigini ochdi.
Muloqot davomida iqtisodiy aloqalarni soddalashtirishga qaratilgan qator muhim masalalar hal etildi. Xususan, viza tartibini yengillashtirish, o‘zaro hisob-kitob mexanizmini takomillashtirish va dori-darmon ayirboshlashni yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Shuningdek, paxta uchun urug‘ ta’minoti va sement mahsulotlari tashish imkoniyatini kengaytirish masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Agrar sohadagi hamkorlik tashrifning eng sermahsul yo‘nalishiga aylandi. Mavlaviy Atoullox Umariy bilan uchrashuvda Andijondan nasldor parranda tuxumi va kichik hajmli texnika yetkazib berish, afg‘on mutaxassislarini viloyat tajribasi asosida o‘qitish bo‘yicha qaror qabul qilindi. O‘z navbatida xorij tomoni Andijonda ishlab chiqarilayotgan traktor importi va qo‘shma chorvachilik fermalari tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorligi nafaqat tovar ayirboshlash, balki mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA