O‘zbekiston uzumlari uchun Koreya bozori ochildi (+video)
O‘zbekistonda yetishtirilgan yangi uzilgan uzumni Koreya Respublikasiga eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatnoma olindi. Hamkor davlat bilan olib borilgan muzokaralar va fitosanitar kelishuvlar natijasida mamlakatimizning brend mahsulotlaridan biri hisoblangan sarxil mevalarni endi to‘lov qobiliyati yuqori, oziq-ovqat mahsulotlariga esa qat’iy talablar amal qiladigan davlatga jo‘natish mumkin bo‘ladi.
Uzum eksportida o‘tgan yilda yangi rekord natijalar qayd etilgan edi. Misol uchun, Samarqand, Farg‘ona, Navoiy viloyatlarining bog‘larida pishgan mahsulot Buyuk Britaniya, Fors ko‘rfazi davlatlari va hattoki Skandinaviya mamlakatlarigacha yetib borgandi. Endi esa mevalarimiz uchun Sharqiy Osiyo darvozalari ochilmoqda.
- Hududlar kesimida asosiy mahsulot yetishtirish Samarqand, Farg‘ona va Buxoro viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi, - deydi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Nargiza Murodjonova. – O‘tgan yili O‘zbekistonning uzum mahsulotlari ilk bor katta hajmda Yaponiya bozoriga eksport qilindi. Bu yil Janubiy Koreya bozoriga fitosanitar ruxsat olingani, qat’iy fitosanitar talablar mavjud davlatlarga eksport imkoniyatlarimiz kengayayotganini anglatadi. Hozirgi kunda O‘zbekistondan tadbirkorlarimiz fitosanitar talablarga rioya qilgan holda 35 ta davlatga ushbu mahsulotni eksport qilishlari mumkin.Undan tashqari bugungi kungacha asosiy xaridorlarimiz Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belorussiya hisoblanadi. Eksport jarayonlarida, mahsulot tashishda zararlanmasligi va sifatli qadoqlarda bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, Koreyaga eksport qilishda mahsulot haqidagi ma’lumot to‘liq ko‘rsatilishi lozim.
Xalqaro savdoda har bir davlatning talabi bo‘lgani kabi, Koreya Respublikasining fitosanitar xizmati ham O‘zbekistonning maxsus reyestrga kiritilgan bog‘lari va qadoqlash korxonalarida yetishtirilgan uzumni import qilishga tayyor. Mazkur ro‘yxat esa karantin xizmati tomonidan koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda o‘tkaziladigan inspeksiyalar natijasida oldindan shakllantiriladi. Bunda bog‘larda uchraydigan zararli organizmlar, ularga qarshi qo‘llanilgan vositalar, kimyoviy preparatlar tahlili olib boriladi.
Ma’lumot uchun, uzum dunyoda eng ko‘p tarqalgan meva turi hisoblanadi. “International Organisation of“ ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda jahonda qariyb 74 million tonna uzum yetishtirilgan. Eng yirik ishlab chiqaruvchilar Xitoy, Hindiston, Misr, Turkiya va O‘zbekistondir. Mamlakatimizda yillik hosil 1.4 million tonnadan ortiqni tashkil etadi. Mutaxassislar fikricha, Janubiy Koreya bozorining ochilishi mahalliy uzumchilik tarmog‘i uchun qo‘shimcha muhim eksport yo‘nalishi bo‘ldi. Raqobatbardosh mahsulot yetishtirishga bo‘lgan intilish esa bu borada ko‘rsatkichlarning ortib borishiga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/O-wxOsJZonA?si=MfkZutgBAS5aImcm" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA