O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Zafar Ziyayev boshchiligidagi delegatsiyasi a’zolari Turkiyaning Gaziantep viloyatida joylashgan Pistachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, Turkiya mamlakati pistachilik borasida rivojlangan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli ularda tayyorlanadigan pishiriqlardan tortib, taomlarigacha pista aralashtirilib tayyorlanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisi pista hosilini yetishtirish ilmini yaxshi egallagan va bu hamkorlikda pistachilikni rivojlantirishda keng imkoniyatlarni beradi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda Turkiya serhosil pista navlari kolleksiyasi asosida milliy pista navlarini yaratish va ularning onalik ko‘chatzorlarini tashkil etish hamda yurtimizda pistachilikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari pista yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi ilg‘or xo‘jaliklar faoliyati bilan tanishib, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli g‘oyalarni muhokama etdi. Olimlar pista yetishtirish va uni qayta ishlashning zamonaviy usullari, ilg‘or texnologiyalari hamda Turkiya tajribasidagi ilmiy yutuqlarni o‘rgandi.

Tashrif yakunida o‘zbekistonlik va turkiyalik olimlar kelgusida pistachilik sohasida ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA