O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarildi
Oliy Majlis Senatiga Turkiya Buyuk millat majlisi Xavfsizlik va razvedka komissiyasi raisi Veysel Tipio‘g‘lu boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch, do‘stlik va ochiq muloqotga asoslangan munosabatlari natijasida O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar.
Bu esa savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar sohalar bilan bir qatorda parlament diplomatiyasi rivojiga ham keng yo‘l ochmoqda.

Uchrashuvda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va qo‘mitalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etilib, bu ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlashga, har ikki davlat manfaatlariga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA