O‘zbekiston-Turkiya biznes forumi axborot hamkorimiz nigohida
Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya biznes forumi haqida “Anadolu” axborot agentligi maqola e’lon qildi.
O‘zbek va turk ishbilarmonlari o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari va biznes istiqbollarini muhokama qilish maqsadida individual uchrashuvlar o‘tkazdi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Texnologik metallar zavodi, OSTIM sanoat zonasi, Turkiya palatalar va birjalar uyushmasi hamkorligida tashkil yetilgan forumda tog‘-kon sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq turk kompaniyalari, shuningdek, yurtimizning ko‘plab nufuzli ishbilarmonlari ishtirok etdi.
Maqolada keltirilishicha, Turkiya va O‘zbekiston asrlar davomida mushtarak madaniyat, til o‘xshashligi va qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan davlatlardir. So‘nggi yillarda ikki o‘lka o‘rtasida savdo aylanmalari hajmi ortib bormoqda.
Forumda O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati salohiyatiga oid turli ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, ikki qardosh xalq ishbilarmonlari o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari va biznes istiqbollarini muhokama qilish maqsadida individual uchrashuvlar o‘tkazdi, deyiladi maqola yakunida.
G.Sattorova, O‘zA