Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan “New York Travel and Adventure Show 2025” turizm ko‘rgazmasida qatnashmoqda.
Ushbu nufuzli tadbirda AQSHning barcha shtatlari delegatsiyalari bilan bir qatorda Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Pokiston, Maldiv orollari, Marokash, Italiya, Buyuk Britaniya, Serbiya, Kanada, Gruziya, Yamayka, Xorvatiya, Nikaragua, Beliz, Kosta Rika kabi 40 dan ortiq davlat turizm administratsiyasi va turistik kompaniyalari vakillari o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi MDHga a’zo davlatlardan yagona ishtirokchi sifatida mamlakatimizga sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan qator tadbirlarni tashkil qilmoqda. Jumladan, milliy pavilonda O‘zbekiston turizm salohiyati bo‘yicha keng ko‘lamli taqdimotlar hamda xorijiy davlatlar turizm sohasi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilmoqda va tegishli kelishuvlarga erishilmoqda.


Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz “Ko‘rgazmaning eng yaxshi yangi ishtirokchisi” deya e’tirof etildi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida milliy kuylar va raqslar orqali o‘zbek xalqining boy va turfa madaniyati hamda an’analarini aks ettiruvchi madaniy dastur namoyish etildi, turli tarqatma materiallar ishtirokchilarga taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA