Dushanbeda o‘tgan yirik ikki tadbir – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Shavkat Alimbekovning Tojikistondagi tadbirlar istiqboli xususida fikr yuritadi.
- Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi nutqida savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy omili ekanini ta’kidladi. Keyingi yillarda mintaqa davlatlarining umumiy yalpi mahsuloti 40 foiz oshdi. Mahsulot ayirboshlash 2,5 barobar, o‘zaro investitsiya miqdori, qariyb, 6 barobar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya esa 45 foiz ortgan.
Davlatimiz rahbari tovar aylanmasini oshirish maqsadida savdo-iqtisodiy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi kompleks mintaqaviy dastur qabul qilishni taklif etdi. Ushbu hujjatda elektron tijoratni rivojlantirishga alohida urg‘u beriladi.
Tahlilchilar ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida jaxon elektron tijorat bozori 5 barobar o‘sdi va 2022 yil 6 trillion dollarga yetdi. Hozir dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ziyod odam elektron tijorat orqali savdo kilmoqda.
O‘zbekiston eng tez rivojlanayotgan elektron tijorat bozori sifatida ulkan salohiyatini namoyon etmoqda.
Ekspertlar taxminicha, keyingi 5 yilda mazkur tarmoqning yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 40 foizni tashkil qiladi, 2027 yilga borib foydalanuvchilar soni 16 million kishiga yetadi.
Mamlakatimizda “Uzum market”, “Wildberries”, “ZoodMall”, “OLX” kabi yirik elektron tijorat kompaniyalari jadal rivojlanib, raqobat muhitini yaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining Kompleks mintaqaviy dastur qabul qilish tashabbusi orqali mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu Markaziy Osiyoda onlayn-savdoni rivojlantirishga kuchli turtki beradi. Shu bilan birga ayni yo‘nalishdagi faol hamkorlik Markaziy Osiyo mamlakatlarida yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi, ilg‘or texnologiyalar joriy etilishi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoda transport va tranzit to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va qabul qilishni ham taklif qildi.
Bundan transport xizmatida samaradorlik va ishonchni oshirish hamda xarajatni kamaytirish hisobiga mintaqa transport salohiyatini yanada oshirish maqsadi ko‘zlangan. Tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish imkonini oshiradi.
Jahon banki ekspertlari Markaziy Osiyoda yuk yetkazib berish muddatini qisqartirish va savdo tarifini pasaytirishga qaratilgan kompleks yondashuv orkali transport infratuzilmasini takomillashtirish mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsulotini qariyb 15 foiz oshiradi, demoqda. Natijada ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning muhim sharti sifatida, mintaqada xalqaro savdo va investitsiya o‘sadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, barqaror iqtisodiy rivojlanish ta’minlanadi.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA