Xabaringiz bor, futbol bo‘yicha 2026 yili AQSH, Kanada va Meksikada bo‘ladigan Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida ikki karra jahon chempioni – Urugvay milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.
Mazkur uchrashuv, bugun, 13 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da Malayziyadagi “Hang Jebat” stadionida boshlanadi.
Bo‘lajak o‘yin oldidan shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, har ikkala terma jamoa tarkibida yo‘qotishlar bor. Jumladan, O‘zbekiston terma jamoasining eng katta yo‘qotishi – Abbosbek Fayzullayevning safdan chiqqanidir. Terma jamoaning asosiy hujumkor futbolchisi jarohati tufayli yig‘inni tark etdi.

Shuningdek, tajribali o‘yinchilardan himoyachi Farrux Sayfiyev va yarim himoyachi Odiljon Hamrobekov ham jarohati bois, terma jamoadan ketishiga ruxsat berildi. Bundan tashqari, Kannavaro yig‘inga taklif qilingan o‘yinchilardan bir nechtasiga ham javob berib yubordi. Ularning o‘rniga hujumchilardan Ruslan Jiyanov va Husayn Norchayev terma jamoaga jalb qilindi.
Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Marselo Belsa esa bu galgi yig‘inga “Real” klubidan Federiko Valverde, “Barselona”dan Ronald Arauxo va “Al-Hilol” a’zosi Darvin Nunesni chaqirmadi. Biroq, terma jamoaga Santyago Bueno, Santyago Mourino, Nikolas Marichal, Rodrigo Salasar va darvozabon Franko Israel kabi nomdor o‘yinchilardan foydalanadigan bo‘ldi.
Endi esa ushbu jamoalarning o‘tkazgan o‘yinlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekiston termasi qariyb 11 oydan buyon yutqazmayapti va bu seriya 11 ta uchrashuvga yetdi. Shuningdek, terma jamoamiz ketma-ket uchta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Toshkentda o‘tgan so‘nggi uchrashuvda futbolchilarimiz Kuvaytni 2:0 hisobida taslim etdi.
Urugvay milliy terma jamoasi esa oxirgi to‘rtta uchrashuvda bitta durang va uchta g‘alaba qayd etdi. Oktyabr oyidagi FIFA kunlari doirasida urugvayliklar Dominikan Respublikasi terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, minimal hisobda zafar quchdi.
Shundan kelib chiqish mumkin, bugun bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinida charm to‘p ustalarimiz nomdor va katta tajribaga ega bo‘lgan raqiblariga qarshi munosib o‘yin ko‘rsata oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA