Ma’lumki, kecha Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Sammit doirasida qabul qilingan qarorlar, ilgari surilgan tashabbuslar va strategik g‘oyalar turkiy davlatlarning nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yig‘inda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari jahondagi murakkab geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar sharoitida turkiy dunyo integratsiyasini chuqurlashtirish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish va tashkilotning institutsional salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zA muxbiri mazkur sammit yakunlari, O‘zbekistonning tashabbuskor ishtiroki va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari xususida TDSHU huzuridagi Ilmiy-tahlil markazi direktori, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Oqiliddin Alimov fikrlarini yozib oldi.
– Avvalo aytish kerakki, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi va “yo‘l xaritasi” turkiy o‘lkalarning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks dastur sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengash tashkil etilishi bu maqsadlarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Kengashning boshqaruvi mamlakatlar Bosh vazirlari o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshirilishi, uning doimiy va faol faoliyat yuritishi tuzilma doirasidagi iqtisodiy loyihalarni samarali muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur kengash doirasida “Turkiy davlatlar Sanoat alyansi”ni tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Mashinasozlik, kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika va yengil sanoat kabi strategik sanoat tarmoqlarida yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalari bu alyans orqali samarali amalga oshiriladi. Bu esa nafaqat eksport hajmini oshirish, balki texnologik hamkorlikni mustahkamlashga ham ko‘maklashadi.
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmlarini keskin oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish taklif etildi. Bu innovatsion platforma texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, savdo hajmini tezkor va samarali tarzda oshirish uchun muhim vositadir. Ayniqsa, bu tizim jahonda ekologik standartlar ortib borayotgan bir paytda barqaror va “yashil” savdo yo‘llarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – yashil energetika va ekologik barqarorlikdir. Prezidentimiz “yashil energetika”, “yashil vodorod va ammiak” loyihalarini birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va kompetensiyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbuslar nafaqat mintaqaviy energetik barqarorlikni mustahkamlaydi, balki global ekologik talablarga mos keladigan yangi rivojlanish modelini yaratishga imkon beradi.
Bilamizki, global miqyosda yashil energetikaga o‘tish jahon iqtisodiyotining eng ustuvor va muhim yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Xitoy, va boshqa ko‘plab davlatlar bugungi kunda yashil energetikani moliyaviy hamda siyosiy jihatdan faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Mazkur jarayonda turkiy davlatlar ham birgalikda harakat qilishi orqali ko‘plab istiqbolli imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, turkiy mamlakatlar uchun yagona energetik platforma yaratilishi orqali eksportga yo‘naltirilgan va raqobatbardosh yashil mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu nafaqat iqtisodiy salohiyatni oshiradi, balki mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Ikkinchidan, xalqaro moliya institutlari, jumladan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki kabi tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali yashil energetika loyihalariga zarur moliyaviy resurslarni jalb qilish mumkin bo‘ladi. Bu esa yangi texnologiyalarni joriy etish va amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda turkiy dunyoning umumiy pozitsiyasini BMT va boshqa nufuzli xalqaro institutlar doirasida kuchaytirish muhimdir. Bu yo‘nalishda hamkorlikni muvofiqlashtirish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni samarali tashkil etish orqali turkiy davlatlar global ekologik siyosatda o‘z ta’sirini yanada oshirishi mumkin.
Natijada, yashil energetika va iqtisodiyot sohasidagi ushbu integratsiya global dunyoda turkiy davlatlarning raqobatbardoshligini oshirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va umumiy mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Umuman olganda, Gabala sammitida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan energetik hamkorlik borasidagi tashabbuslar tashkilot doirasidagi integratsiyaning iqtisodiy, energetik, texnologik va ekologik jihatdan mustahkamlashga qaratilgan izchil strategik yo‘nalishlar sifatida namoyon bo‘ldi, deyish mumkin.
Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolari o‘rtasidagi energetik va sanoat kooperatsiyasining chuqurlashuvi va “yashil iqtisodiyot” sari burilish mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiladigan umumiy manfaatlarni birlashtiruvchi real mexanizmlarga aylanmoqda. O‘zbekistonning mazkur jarayondagi tashabbuskor ishtiroki esa, mamlakatning energetik hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi va ekologik barqarorlik sohalaridagi yetakchilik rolini yanada mustahkamlaydi.
O‘tkir Mirzo, O‘zA