O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan 2025 yilning yanvar-aprel oylari davomida nominal (NEER) va real samarali almashuv kursi (REER) indekslari hisoblab chiqildi.
Ushbu indekslar milliy valyuta qiymatiga tashqi bozordagi bosimlar va tashqi savdo raqobatbardoshligini baholashda muhim ko‘rsatkich sifatida xizmat qiladi.
Hisob-kitoblarda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi 83 foiz ulushga ega bo‘lgan 20 davlat asos qilib olingan bo‘lib, bazaviy davr sifatida 2019 yil yanvar oyi tanlab olindi. 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida REER indeksi 6,2 bandga pasayib, 111,4 dan 105,2 ga tushdi.
Mazkur o‘zgarish, birinchi navbatda, milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanishi (-6,3 band) hisobiga sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasining ta’siri +0,1 bandni tashkil etdi.
NEER indeksi ham ushbu davrda pasayishga yuz tutdi - 5,4 bandlik kamayish natijasida 94,1 dan 88,7 ga tushgan. Bu esa so‘mning savdo hamkorlari valyutalariga nisbatan umumiy qadri pasayganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy nazariya nuqtai nazaridan qaralganda, REER indeksining pasayishi boshqa shartlar o‘zgarmasligi sharti bilan mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorda arzonlashishiga, ya’ni eksportning raqobatbardoshligi ortishiga olib keladi. Shu bilan birga, import tovarlarining qimmatlashuvi hisobiga ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun imkoniyatlar kengayadi.
Tahlillar so‘mning 2025 yil aprel oyida AQSH dollariga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlanganini, Rossiya rublining esa 20 foizga, Qozog‘iston tengesining 1,1 foizga qimmatlashganini ko‘rsatdi. Xitoy yuani esa faqat 0,1 foizga qadrsizlandi. Natijada so‘mning ushbu valyutalarga nisbatan nisbiy qadrsizlanishi REER indeksining pasayishiga asosiy turtki bo‘ldi.
Inflyatsiya darajasidagi farqlar ham mazkur indeksga ta’sir etgan omillardan biri bo‘ldi. Jumladan, 2025 yil aprel oyida O‘zbekistonda oylik inflyatsiya 0,7 foizni, Rossiyada 0,4 foizni, Qozog‘istonda 1,2 foizni, Xitoyda esa 0,1 foizni tashkil etdi. Bu holat inflyatsiya omilining REER ko‘rsatkichiga +0,1 band miqdorida ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘ldi.
Umumiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy valyuta kursi va inflyatsiya darajasidagi o‘zgarishlar mamlakat tashqi savdo holatiga bevosita ta’sir etmoqda. REER va NEER indekslaridagi dinamika milliy valyuta raqobatbardoshligi hamda eksport-import siyosatining strategik yo‘nalishlarini shakllantirishda muhim mezon sifatida baholanmog‘i lozim.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA