Mamlakatimiz TIV matbuot xizmati tarqatgan navbatdagi axborot BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasida ishtirok etayotgan Vladimir Norovning Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosat idorasi rahbari Abdulla bin Zoid Ol-Nahayon o‘rtasida kechgan uchrashuv tafsiloti haqida.
Qayd etilishicha, bu galgi muzokara kun tartibidan ikki tomonlama hamkorlikning qator dolzarb masalalari joy olgan.
Dastlab mulozimlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi jarayonini ko‘rib chiqishgan.
Muloqot davomida xalqaro institutlar doirasida hamda "Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik Kengashi - Markaziy Osiyo" shaklidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. V.Norov BAA tomonini yaqindagina Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Muloqot bo‘yicha sherik maqomini olgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston va BAA o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, havo orqali yuk tashishni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro imtiyoz ro‘yxatini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Mamlakatimizdan BAA bozoriga qishloq xo‘jaligi, metallurgiya, to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berishni tashkil etish, transport va konsalting xizmati ko‘rsatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shu kuni mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri yana bir hamkasbi - Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatlararo hamkorlik bo‘yicha so‘nggi yillarda ijobiy o‘sish sur’ati yaqqol namoyon bo‘layotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Aloqani ikki tomonlama asosda, shuningdek «O‘zbekiston – Avstriya Yevropa Ittifoqi» formatida jadallashtirish ham muhimligi ta’kidlandi.
Turli daraja va shakldagi bo‘lajak uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi yuzasidan kelishib olindi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining gidroenergetika, yashil texnologiya, qishloq xo‘jaligi va qurilish sanoati kabi tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Avstriya investitsiyasini jalb qilish imkoniyati mavjudligi e’tirof etildi.
Ikki mamlakatning xalqaro va mintaqaviy siyosatga daxldor dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyasi yaqinligi ma’qullandi.
G‘ayrat XONNAZAROV,
O‘zA