O‘zbekiston tashabbuslari: SHHTda amaliy iqtisodiy hamkorlik va yuqori texnologiyalar davri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtirok etdi.
Quyidi Davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishidagi nutqidan asosiy fikrlar havola qilinadi.
– O‘tgan 25 yil davomida SHHT teng huquqli muloqotni ta’minladi, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashdi;
– Hamkorligimiz markazida SHHTning geografik va strategik o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyo turganini alohida qadrlaymiz;
– Yaqin Sharqda muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qat’iy tarafdorimiz;
– SHHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak;
– “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif etaman. Uning asosiy maqsadi o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim;
– Maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif etamiz;
– Hozirning o‘zidayoq umumiy tamoyillarni kelishish bosqichidan SHHT Taraqqiyot bankini amaliy ishga tushirishga o‘tishni zarur deb hisoblaymiz;
– Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni olqishlaymiz;
– Kelgusi yili Toshkent shahrida SHHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyormiz;
– Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar mamlakatlarimizning oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu SHHT doirasida ushbu masalalar bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zaruratini taqozo etmoqda;
– SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman;
– Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi.
O‘zA